Bu pipo emas
Biz tasvirlar orasida yashaymiz. Haqiqat esa, hamisha bir qadam narida.
Rene Magritt bir pipo (trubka) suratini chizdi. Tagiga shunday deb yozdi: “Bu pipo emas”. Paradoks mana shu yerda boshlanadi.
Surat piponi ko‘rsatadi. Ammo unga teginolmaysan. Yondirolmaysan. Ichiga tamaki to‘ldirib chekolmaysan. Chunki bu pipo emas. Shunchaki bo‘yoq va mato.
Unday bo‘lsa, bu nima? Suratmi? Yo‘q. Surat ham modda – pigment, to‘qima. Bular pipo emas. So‘zmi? “Pipo” deb yozdik. Ammo so‘z faqat tovush, harf va belgidir. U ham pipo emas. Zehnimizdagi tushunchami? Buni ko‘rganingda miyangda bir pipo gavdalanadi. Ammo u ham zehndagi tasvir, pipo emas.
Rene Magritt – The Treachery of Images (This is Not a Pipe)/Tasvirlar xiyonati (Bu trubka emas) , 1929-yil, surat: Thomas Hawk (CC BY-NC 2.0)
Haqiqiy piponi ushlashing, yoqishing mumkin. Suratdagi piponi ko‘ra olasan, ammo ushlay olmaysan. Tushunchadagi pipo haqida o‘ylay olasan, ammo yashay olmaysan. Hech biri bir-birining o‘rnini bosolmaydi. Oralarida to‘ldirib bo‘lmas masofa bor.
Har bir surat, “Men nimaman?” deb so‘raydi. Har bir so‘z, “Men nimani ifodalayapman?” deb shubhalanadi. Har bir fikr, “Men haqiqiymanmi?” deb ikkilanadi.
Bir inson suratini ko‘rasan – bu o‘sha inson emas. Sevgi haqida o‘qiysan – bu sevgi emas. Baxt tariflanadi – bu baxt emas. Hammasi shunchaki tasvir. Hammasi shunchaki ishora. Hammasi haqiqatning ko‘lankasi.
Unday bo‘lsa, haqiqat qayerda? Faqat tajribada. Sen haqiqiy piponi qo‘lingga olganingda. Tamakini yoqqaningda. Tutunni ichingga tortganingda. O‘sha on, va faqat o‘sha on, haqiqatni bilasan. Ammo buni hech qanday surat, hech qanday so‘z, hech qanday fikr yetkazib berolmaydi. Haqiqatni tasvirlab bo‘lmaydi. Uni faqat yashash mumkin.
Magritt haq edi. Bu hech qachon pipo bo‘lmagan. Va hech qachon bo‘lmaydi ham. Biz tasvirlar orasida yashaymiz. Haqiqat esa, hamisha bir qadam narida.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan

