Daraxtga bog‘langan odam
Tuproq – qon istaydi, o‘lik istaydi. Seni qabul qilish uchun. Vatan bo‘lish uchun, Yurt bo‘lish uchun.
Daraxtga bog‘langan odam
Kashtan daraxti tagida bir odam. Bog‘langan.
Xose Arkadio Buendia aqldan ozmadi. Shunchaki ko‘ra boshladi. O‘liklarni. Kelajakni. Vaqtni. Va bu ko‘rgulik juda og‘ir edi. Juda haqiqiy.
Haqiqat sabab uni bog‘lab qo‘yishdi.
Bu Arkadioning mavjudlik shakli. Ba’zi insonlar shunday tug‘iladi. Umurtqasi tik. Bo‘yni bukulmas.
Tuproq. Bu so‘z ko‘p narsani anglatadi.
“Agar inson yashayotgan tuproq ostida o‘liklari bo‘lmasa, u odam shu tuproqning odami emasdir.” Buni tushunish uchun musofir bo‘lish kerak. Surgunda bo‘lish kerak. Otangning qabriga borolmaslik azobini chekish kerak.
Makondoni Xose Arkadio Buendia bunyod etdi. U yer uning tuprog‘i edi. U yerga ilk uyni tikladi. Ilk murdani ko‘mdi.
Tuproq – qon istaydi, o‘lik istaydi. Seni qabul qilish uchun. Vatan bo‘lish uchun, Yurt bo‘lish uchun. Ana endi u tuproq seniki bo‘ladi. Mening otam yotibdi, mening bolam yotibdi… Mening tuprog‘im.
Agar ko‘mmasang, ko‘milmasang – o‘zlikni yo‘qotasan, ildizni, ruhni.
Makondoning eng kuchli odami. Chunki u – ildiz, ibtido, asos. Daraxt uni u daraxtni ushlab turadi.
Badal? Badal og‘ir. Yuz yillik yolg‘izlik. Va Makondo – shamolda sovurilib ketadi. Inson parchalanadi, eziladi, evriladi.
Otasi boshqa shaharda ko‘milgan. Bobosi boshqa mamlakatda. O‘zi muallaq. Ildiz yo‘q, mansublik yo‘q, o‘zlik yo‘q.
Xose Arkadio Buendia daraxtga bog‘liq bo‘lsa-da, Ursula har tong unga qahva keltirardi. Gaplashadi. Tinglaydi. Aqldan ozgan bo‘lsa ham oilaning otasi. Bog‘langan bo‘lsa ham. Chunki u ildiz. Ildizlarni bir shaklda asrash kerak, bog‘lab bo‘lsa ham.
Sen qayerdansan? Hamma joydan. Demak, hech qayerga tegishli emasman, yo‘qolgansan. Otangning qabri qayerda? O‘sha yer sening vataning. Ajdodlaring qayerda ko‘milgan? O‘sha yer sening tuprog‘ing. Ilk uyni qayerga qurdilar? O‘sha yer sening ibtidoying.
Xose Arkadio Buendia kashtan daraxti tagida jon berdi. Ildiz otgan edi. Ildiz otish uchun sobitlik lozim. “Bog‘lanish” lozim.
Tuprog‘ingni bil. O‘liklaringni unutma. Ildizlaringni asra.
“O‘lmasdan turib chiriyapsan”, deydi Ursula. O‘lmasdan cherish!..
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan
“Cien años”/ “Yuz yil” asaridan parcha, Waldo Saavedra. Moybo‘yoq.

