Devonalar
Albatros o‘zini alday olmaydi. Tosh yutadi. O‘ladi. Balki shuning uchun uni “telba” deymiz. Chunki bunchalar halol bo‘lish... Bunchalar sobit bo‘lish... Bizga telbalikdek tuyuladi.
Albatros. Dengiz qushi. Deyishadiki, umrida birgina juft tanlaydi. Jufti o‘lsa tosh yutadi. Oshqozoni yorilib ketgunicha. So‘ng o‘ladi. Buni “telbalik” deyishadi. Balki shundaydir. Balki unday emasdir.
Biz buni tushunolmaymiz. Bir narsaga bu qadar bog‘lanish... Bu qadar sodiq bo‘lish... Bizga yot tuyuladi. Qo‘rqinchli tuyuladi. Bu “normal” holat emas. Xo‘sh, “normal” nima o‘zi? Bugun sevib, ertaga unutishmi? Bugun so‘z berib, ertaga qaytishmi? Bugun “sen uchun o‘laman” deb, ertaga “o‘zimni o‘ylashim kerak” deyishmi?
Albatros tosh yutadi. Biz esa shunchaki yutinib qo‘yamiz. Farq shunda.
Sadoqat. Bu so‘zni ko‘p ishlatamiz. Ammo uning ichini bo‘shatib yubordik. Sadoqat endi bir “tanlov”ga aylandi. Bir “imkoniyat”ga. Ishimga to‘g‘ri kelsa — sodiqman. To‘g‘ri kelmasa... “Sharoit o‘zgardi” deyman.
Qush bunday o‘ylamaydi. Qushning shartlari yo‘q. Qushning hisob-kitobi yo‘q. Qushning faqat bitta haqiqati bor: U ketdi. Men bu yerdaman…
O’zingga shunday savol ber: Hayotimda nimaga bu qadar bog‘langanman? Javob berishga qiynalayotgan bo‘lsang — muammo ana shunda.
Xiyonat qilganlar... Ular allaqachon o‘z ichlarida biror narsani sotib yuborganlar. Biror qadriyatni. Biror tamoyilni. Biror so‘zni… Qasamni…
Tashqariga ko’rinayotgan xiyonat, ichkaridagi chirishning belgisi, xolos. Sadoqat tashqarida boshlanmaydi. Ichkarida boshlanadi. O‘zingga bergan so‘zingning ustidan chiqishdan boshlanadi. “Falonchi bo‘laman” dedingmi — bo‘l. “Buni qilmayman” dedingmi — qilma. Bular oddiy ko‘rinadi, ammo eng qiyin narsa shu. Chunki buni hech kim ko‘rmaydi. O‘zingga xiyonat qilganingda na olqish bor, na qoralash. Buni faqat sen bilasan. Bu bilan sen yashaysan.
Albatros o‘zini alday olmaydi. Tosh yutadi. O‘ladi. Balki shuning uchun uni “telba” deymiz. Chunki bunchalar halol bo‘lish... Bunchalar sobit bo‘lish... Bizga telbalikdek tuyuladi.
Urushda yo‘qolgan erlarini bir umr kutgan momolarimiz bor edi. Ular telba edimi? Bor-budini yo‘qotib, iymonini sotmagan bobolarimiz bor edi. Ular telba edimi? Balki telba bo‘lgandirlar. Balki sadoqatning o‘zi ham o‘ziga xos bir telbalikdir. Hisob-kitobsiz. Ta’masiz. Mantiqsiz. Va balki...
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan
Gustave Doréning “Qadimgi dengizchining davri” kolleksiyasidan





Sadoqatning go'zal..., namunasi. Ko'p vaziyatlarda bu qushchalik bo'laolmayotgan ekanman. Bu qush men uchun yanglik bo'ldi.