Elastik va plastik
Tong otadi, kun botadi, yillar o‘tadi. Sen hamon o‘shasan. O‘zgarmading. Ulg‘aymading. Yashamading.
Fizikada ikki tushuncha bor. Elastiklik. Plastiklik. Ular materiallarning tabiatini izohlaydi.
Bir prujinani tasavvur qil. Tortasan — cho‘ziladi. Qo‘yib yuborasan — eski holiga qaytadi. Go‘yo hech narsa bo‘lmagandek. Iz yo‘q. Jarohat yo‘q. Xotira yo‘q. Bu elastik deformatsiya.
Endi bir simni ko‘z oldingga keltir. Bukasan — shakli o‘zgaradi, asliga qaytmaydi. Bu plastik deformatsiya.
Inson qaysi biri? Ikkisi ham.
Ba’zi yaralar bitadi. Bolalikda yiqilasan, tizzang qonaydi, yig‘laysan. Bir haftadan so‘ng iz ham qolmaydi. Elastik. Ba’zi yaralar bitmaydi. Yillar o‘tadi. Hamon og‘riydi. Plastik.
Gap shundaki: qaysi zarba elastik, qaysi biri plastik bo‘lishini oldindan bilolmaysan.
Ayni bir hodisa ikki insonga turlicha ta’sir qiladi. Biri o‘rnidan turadi, ustini qoqadi va davom etadi. Boshqasi esa hech qachon avvalgidek bo‘la olmaydi. Nega? O‘tmishi boshqa. Chidamlilik darajasi boshqa.
Har bir materialning ma’lum bir nuqtagacha elastik. Egilasan, qaytasan. O‘sha nuqtadan o‘tdingmi — plastik. Endi ortga yo‘l yo‘q. Har doim bir sinish nuqtasi ham bordir.
Insonning ham shunday chegarasi bor. Ammo qayerdaligini bilmaysan. Balki bir so‘z. Balki bir nigoh. Balki yo‘qlik.
Bolalik elastikmi? Yo‘q. Eng plastik davrdir. Har bir teginish iz qoldiradi. Har bir so‘z shakl beradi. Onaning ovozi, otaning sukuti, o‘qituvchining nigohi…
Ulg‘aygan sari elastiklashamizmi? Balki. Balki aksincha, qattiqlasharmiz. Endi hatto bukilmasmiz, sinarmiz.
Travma — bu plastik deformatsiyadir. Ortga qaytish yo‘q. Ammo yangi shakl ham go‘zal bo‘lishi mumkin. O‘zgacha, lekin go‘zal.
Yapon san’ati Kinsugi. Singan sopolni oltin bilan yamaydilar. Siniq izlarini yashirmaydilar. Oltin bilan urg‘u beradilar. Plastik deformatsiyani san’atga aylantiradilar.
Sen ham sindirgansan. Men ham sindirganman. Hammamiz sindik. O‘sha onda elastik emasdik. Ortga qaytmadik. Ammo balki… Balki siniqlarimiz bilan go‘zaldirmiz.
Jamiyatlar ham elastik yoki plastik bo‘ladi. Ba’zi jamiyatlar zarba oladi, o‘zini tiklaydi. Ba’zilari esa hech qachon o‘nglanmaydi. Urushlar, qirg‘inlar, surgunlar. Avlodlar bo‘yi davom etadigan plastik deformatsiya.
Har narsaning o‘z sinish nuqtasi bor.
Xo‘sh, nima qilaylik? Ehtiyot bo‘laylikmi? Tegmaylikmi? Qo‘rqaylikmi?
Yo‘q. Yashaylik. Sinaylik. Sindiraylik.
Ammo shuni unutmaylik: ba’zi narsalar ortga qaytmaydi. Ba’zi so‘zlarni qaytarib bo‘lmaydi. Ba’zi lahzalar abadiy iz qoldiradi.
Va bu yomon emas. Bu hayot.
Butunlay elastik hayot zerikarli bo‘lardi. Hech narsa iz qoldirmaydi. Hech narsa ma’no tashimaydi. Tong otadi, kun botadi, yillar o‘tadi. Sen hamon o‘shasan. O‘zgarmading. Ulg‘aymading. Yashamading.
Plastik deformatsiya — bu evrilishdir. Og‘riq beradi. Ammo o‘zgartiradi.
Bukilgan simni o‘yla. Eski holati chiroyliroqmidi? Balki. Balki yangi holati biror ma’no anglatar. Bir hikoya so‘zlar. “Men bukildim. Men chidadim. Men hamon shu yerdaman”.
Sen ham bukilding. Sen ham bardosh berding. Sen ham hamon shu yerdasan.
Qaysi zarbalar seni eski holingga qaytardi? Qaysilari abadiy o‘zgartirdi? Chidamlilik chegarangni bilasanmi? Bilmaysan. Hech kim bilmaydi.
Shu sababli ehtiyot bo‘l. Boshqalarga ham, o‘zingga ham. Chunki shunchaki bir og‘iz so‘z kimningdir sinish nuqtasi bo‘lishi mumkin.
Va o‘sha nuqtadan so‘ng — ortga qaytish yo‘q.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan.

