Yigirmanchi asr umid bilan boshlandi. Ilm-fan taraqqiy etyapti, texnologiya rivojlanyapti, insoniyat intilyapti… Keyin ikkinchi jahon urushi sodir bo‘ldi. Qirg‘inlar. Atom bombalari. Millionlab o‘liklar. So’ng odamlar bo’lgan urushning ma’nosini qidira boshlashdi. Azoblarning, o‘limlarning, vayronagarchiliklarning ma’nosi nima edi? Javob yo’q. Borlari qoniqtirmaydi…
1953-yil. Semyuel Bekket bir pyesa yozadi. “Godoni kutish”. Ikki kishi. Vladimir va Estragon. Yo‘l chetida o‘tirishibdi. Kutishyapti. Kimni kutishyapti? Godoni. Godo kim? Bilishmaydi. Qachon keladi? Bilishmaydi. Keladimi o‘zi? Bilishmaydi. Lekin kutishyapti. Butun spektakl davomida kutishadi. Va Godo kelmaydi.
Bu asar — absurd teatrning shoh asari.
Oldingi teatr oqimlari jamiyatni ongli qilishni istardi. Dunyoni tuzatishni xohlardi. Biror xabar berishni istardi. Absurd teatrining bunday dardi yo‘q. Xabar yo‘q. Yechim yo‘q. Umid yo‘q. Nihilistmmi? Yo‘q. Nihilizm hamma narsani rad etadi. Absurd rad etmaydi. Shunchaki parvo qilmaydi.
Vladimir va Estragon bir-birini Gogo va Didi deb chaqirishadi. Chunki ismlarning ahamiyati yo‘q. Shaxsiyatning ahamiyati yo‘q. Har kim bo‘lishlari mumkin. Hech kim bo‘lishlari ham mumkin.
Vladimir tafakkurning, umidning, insoniy g‘ururning vakili. Shlyapasini yechib, tinmay ichiga qaraydi. Kallasida nimalardir qidiradi. O‘tmishni eslashga urinadi. Mavjudligining biror mohiyati bor-yo‘qligini so‘roqlaydi.
Estragon — instinktlarning, tananing vakili. O‘tmishni eslay olmaydi. Qadriyatlar unga qiziq emas. Aqli yo oshqozonida, yo oyoqlarida. Etiklarini yechib, tinmay ichiga qaraydi.
Ikkovi qarama-qarshi. Ammo bir-biridan ajrala olishmaydi. Yolg‘iz o‘zlari hech narsaga yaramasliklarini bilishadi.
Sahnani tark eta olmaydilar. Ya’ni mavjudliklariga chek qo‘ya olmaydilar. O‘z joniga qasd qilish, tanlov emas. Estragon aslida shuni istaydi. Lekin Vladimir aytadiki: “Mabodo Godo kelib qolsa-yu, bizni topolmasa-chi?” Va kutishda davom etadilar.
Godo nima? Kimga ko‘ra — umid. Kimlargadir — najot. Aldangan ayol uchun — adolat. Tutqun askar uchun — ozodlik. Oshiq uchun — yor. Har kim o‘z Godosini kutmoqda.
Sen nimani kutyapsan? Kimdir kelib hayotingni tartibga solishinimi? Bir kun hammasi yaxshi bo‘lib ketishinimi? Biror mo‘jizanimi? Barchamiz kutyapmiz. Bir yo‘l chetida. Bir umr.
Har kuning oldingisining aynan o‘zi ekanini sezgan oning. Doim kelajak uchun rejalar tuzayotib, aslida o‘lim sari odimlayotganingni tushungan oning. Barcha urinishlaring bir kun poyoniga yetishini anglagan oning. Ana o‘sha on…
Ko‘pchiligimiz savolni berib, javobini eshitmay turib eski hayotimizga qaytamiz. Go‘yo hech narsa bo‘lmagandek. Vladimir va Estragon kabi — jim qolsak, mavjudligimizga shubha qilib qolishdan qo‘rqib gapiramiz. Ammo bir-birimizni tinglamaymiz.
Godoni kutyapmiz. Kelmayapti.
“Kutgan odaming kirib kelmas ekan hech-qachon… Kutgan odamingga aylan!”
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan
Rojer Pic Godotni kutmoqda, Theatre de l'Odéon, Parij 1961.

