To‘rt yoshli bir bola. Qo‘lida maktub. Otasi uni politsiya mahkamasiga yuborgan. Komissar xatni o‘qiydi. So‘ng bolani kameraga qamab qo‘yadi. Besh daqiqa. Balki o‘n. “Bezori bolalarni mana shunday jazolaymiz”, deydi.
Bola tushunmaydi. Aybi nima ekanini bilmaydi. Hujraga qamab qo‘yilgan bolaning ismi Alfred Xichkok. Va o‘sha besh daqiqa ellik uchta filmning hamirturushi, urug‘i bo‘ladi. Undan hujraga qamalish uchun nima xato qilganligini so‘rashganda: “Nima qilganimni tasavvur ham qilolmayapman”, deb javob beradi.
Tasavvur qilolmayman. Bu jumlaga e’tibor ber. Xichkok bilmaydi. Bilish imkonsiz. Chunki mantiq yo‘q. Sabab yo‘q. Jinoyat yo‘q. Ammo jazo bor. Ruhiy jarohatning mohiyati mana shu. Ma’nosiz og‘riq. Izohsiz jazo. Loyiq bo‘lmagan holda chekilgan iztirob.
To‘rt yoshli Alfredni qamoqxona hujrasida tasavvur qilishga urin.
Bu kabi to‘qnashuv va mantiqsizlik uni parchalab tashladi. Va o‘sha parchalardan bir daho yig‘ildi.
“O‘zimni yakkalab qo‘ydim”, dedi. “Maqsadim ichimga berkinish emas edi. Dunyoni kuzatish edi”. Deyarli ko‘rinmay kuzatish. Ayrim jaroxatlar insonni ko‘r qiladi.Alfredning esa ko‘zlarini ochdi. Boshqalarning og‘riqlarini ko‘ra boshladi. Nohaq ayblanganlarning, mas’um mahbuslarning, tizim ezib tashlagan kichik odamlarning og‘riqlarini.
Va buni tasmaga tushirdi. Qayta va qayta. “The Wrong Man.” “North by Northwest.” “The 39 Steps.” “Vertigo”.
Hammasida ayni mavzu: Begunoh odam. Nohaq ayblov. Qochish. Kurash.
Xichkokning qahramonlarini taniysiz, ular o‘sha to‘rt yoshli bolaning ulg‘aygan shakllari.
“O‘sha kundan beri,” deydi u, “o‘zimni doim qurbonning o‘rniga qo‘yaman. Hibsga olingan, mahkamaga olib ketilayotgan odamning hislari…”.
O‘lja. Qurbon. Mas’um.
Ellik yil o‘tdi. Hali ham o‘sha kamerada. Bu kamerani san’atga aylantirdi.
Triller san’atini u ixtiro qildi. Nega? Chunki tomoshabinga qahramonning hislarini — o‘sha qo‘rquv, o‘sha chorasizlik, o‘sha adolatsizlik hissini — yashatishni istardi. Har bir film, bir terapiya seansi. Har bir ssenariy o‘sha besh daqiqaning qayta yozilishi. Har bir “begunoh odam nohaq ayblanyapti” hikoyasi, to‘rt yoshli Alfredga aytilgan bir tasalli. Balki, o‘z jarohatini tushunishga urinardi. Va tushungani sari filmlari orqali so‘zlab berardi. To‘g‘ri, ba’zi yaralar bitmaydi. Balki bitmasligi uchun ham ataylab uni yana va yana qonatib turardi.
To‘rt yoshli bola hali ham u yerda, bir burchakda. Hali ham qo‘rqyapti. Hali ham tushunmayapti. Yetmish yoshli Xichkok unga qaraydi va shunday deydi: “Xavotir olma. Sening hikoyangni aytib beraman. Hamma eshitadi. Hamma his qiladi. Va balki boshqa hech kim o‘sha kameraga qamalmas”.
San’atning eng teran holati — yarani ko‘rsatishdir. Yashirmasdan. Uyalmasdan. Va biz — tomoshabinlar — o‘sha kameraga har kirganimizda, to‘rt yoshli Alfred bilan birga kiramiz. U bilan birga qo‘rqamiz. U bilan birga ma’no qidiramiz. Va film tugaganida — u bilan birga chiqamiz. Balki biroz tushunadigan, biroz marhamatliroq bo‘lib.
Bir travma insoniyatga ellik uchta asar hadya qildi. Achchiq hadya. Ammo hadya.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan


Bir yomonning bir yaxshisi bor deb shunga aytsa kerakda. Inson bilmaydi-ki qaysi taqdir zarbasi uni yuklastiradi yoki aksincha.