Huvviyat
Jamiyatimiz komadan uyg‘ongan bemorga o‘xshaydi. Ko‘zlarini ochgan. Ammo eslayolmaydi. “Men kimman? Qayerdaman? Menga nima bo‘ldi?”. Gangib qolgan... O‘zini tanimaydi.
“Dunyo” so‘zi arabcha “daniy” so‘zidan olingan. Daniy — past, tuban degani. Oxiratning aksi. Xuddi qurilishda g‘isht uzatib turadigan ishchi kabi. Pastda, xizmat qiladigan, yuqoriga tashiydigan.
“Sekulyar” (Dunyoviy) — lotincha “saeculum”. Asr, yuz yillik degani. Shu davrga oid degani.
“Kosmos” — yunoncha. Tartibga solingan degani. Kimdir tartibga solgan.
So‘zlar tasodif emas. So‘zlar — xotiradir.
Truman shousini esla. Odam sun’iy dunyoda yashaydi. Hamma narsa soxta — osmon, dengiz, odamlar. Ammo u buni haqiqat deb o‘ylaydi. Chunki boshqa narsani ko‘rmagan. Biz ham shundaymizmi?
1584-yilda chizilgan Quddus xaritasi bor. Faqat cherkovlar ko‘rinadi. Masjidlar yo‘q. Nega? Chizgan odam shuni istagan. U xaritaga boqqan yevropalik uchun Quddus — faqat nasroniy shahri. Dunyoni tushunyapmiz, deb o‘ylaymiz. Aslida esa bizga chizib berilgan xaritalarni o‘qiyapmiz.
Christian van Adrichomning 1584-yildagi mashhur "Jerusalem et suburbia" (Quddus va uning atrofi) xaritasi.
Uchta koordinata lozim: Inson, Makon, Zamon. Ammo avval yana bir narsa kerak — sog‘lom ko‘z. “Theoria” — yunoncha, qaramoq degani. “Nazar” — arabcha, qaramoq degani. Ayni narsa.
Ko‘zoynaging xira bo‘lsa — eng go‘zal manzarani ham xunuk ko‘rasan. Avval ko‘zoynakni tozala.
Jamiyatimiz komadan uyg‘ongan bemorga o‘xshaydi. Ko‘zlarini ochgan. Ammo eslayolmaydi. “Men kimman? Qayerdaman? Menga nima bo‘ldi?”. Gangib qolgan... O‘zini tanimaydi.
Akmal Nurning “Ichimdagi ichimdadir” asari
Bir oshpaz bor. O‘sh pishira olmaydi. Ammo rizottoni biladi. Buni madaniyat deb o‘ylaydi. Ildizidan uzilgan, tarixiga begonamiz.
“Mohiyat”, “Haqiqat” va “Huvviyat”. Huvviyat o‘zlikni anglatadi. Bo‘lishni, tanishni, xoslikni… G‘arbni tushunishga urinyapmiz. Ammo o‘zimizga G‘arbning ko‘zi bilan qarayapmiz. Sharqshunos (oryantalist) kabimiz — o‘z o‘lkamizda turistmiz. Jami tarozilar g‘arbning tarozilari. Biz har narsamizni ularning tarozisi bilan o‘lchaymiz.
Binolarimizga qarang… Ko‘rinishi musulmon me’morchiligi. Usti butparast Rim uslubi. Didsizlik. Aralash-quralash. Bu binolar — bizning zehniyatimizning fotosuratidir.
Taqlid oson. O‘ziga xoslik qiyin.
Birovning ko‘zoynagini taqib o‘ziga xos bo‘lish... Bu mumkinmi?
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan


