Ibn Xaldunning asabiyat nazariyasi: Ijtimoiy bog‘larning dinamikasi va zamonaviy in’ikosi
Maqola Abdukarim Mirzayev klubi a'zolari tarafidan tayyorlandi.
Annotatsiya
Ushbu tadqiqot Ibn Xaldunning asabiyat tushunchasini zamonaviy ijtimoiy tuzilmalar kontekstida ko‘rib chiqadi. Asabiyatning etimologik kelib chiqishidan yo‘lga chiqib, ushbu ijtimoiy bog‘ning badaviy va shahar jamiyatlaridagi turli ko‘rinishlarini tahlil qiladi. Ijtimoiy hamjihatlik shakllari hamda davlatlarning yuksalish va tanazzul davrlari o‘rtasidagi munosabat besh avlod nazariyasi orqali baholanadi. Zamonaviy milliy davlatlardagi millatchilik, ijtimoiy harakatlar va raqamli platformalardagi virtual hamjamiyatlar an’anaviy asabiyat dinamikasining o‘zgargan shakllari sifatida talqin qilinadi. Ushbu jarayonlarda dinning jamoaviy o‘zlikni mustahkamlash va siyosiy safarbarlikni ta’minlashdagi roli alohida ta’kidlanadi. Xulosa o‘rnida, Ibn Xaldun nazariyasining tarixiy voqealarni tizimli doirada tushuntirish salohiyati tufayli, u bugungi kunda ham dolzarb ijtimoiy-siyosiy tahlillar uchun amaliy vosita bo‘lib xizmat qilishi asoslab beriladi.
(Thomas Cole. The Savage State. Oil on canvas, 1834, 39 ½ × 63 ½ in.)
1. Kirish
Ibn Xaldunning asabiyat nazariyasi ijtimoiy tashkilotlanishning ham asosiy dinamikasini, ham o‘zgarish jarayonlarini anglash uchun o‘zgacha bir doira taqdim etadi. Uning yondashuvida asabiyat shunchaki hissiy bog‘liqlik yoki nasl-nasab munosabatlariga asoslangan hamjihatlik shakli emas, balki siyosiy, iqtisodiy va madaniy reflekslardan oziqlanuvchi ko‘p qirrali ijtimoiy rishtadir (Sohrabiabad, 2019, 17-b.). Bu o‘rinda diqqatga sazovor jihat shundaki, asabiyat kuchli bo‘lgan davrlarda tashkil topgan davlatlarning yuksalish bosqichi tezlashadi. Bu bog‘liqlik, ayniqsa, badaviy jamoalarda yaqqol ko‘zga tashlansa-da, shahar jamiyatlarida u turli shakllarga evriladi. Biroq urbanizatsiya (shaharlashuv) jarayoni bilan birga keladigan boylik va farovon hayot ta’siri asabiyatning ildizlarini zaiflashtirishi mumkin (Wazir v.b., 2022, 2-b.). Ibn Xaldunning qarashlarida diniy omillar ham ijtimoiy hamjihatlikning shakllanishida alohida o‘ringa ega. Unga ko‘ra, kuchli asabiyat dastagi bo‘lmasa, diniy da’vat ommaviy qabul qilinmaydi (Budak, 2020, 29-b.).
Diniy motivatsiyalar ba’zan siyosiy notinchliklar bilan birlashib, isyonlarga sabab bo‘lishi mumkin; ammo bunday harakatlarning muvaffaqiyat ehtimoli yana asabiyat darajasiga bog‘liqdir (Budak, 2020, 68-b.). Shu tariqa, dinning jamiyatni birlashtiruvchi kuchi bilan siyosiy tuzilmalarga ta’sir qiluvchi jihati bir-biridan ajralmas holga keladi. Qiziqarlisi shundaki, Ibn Xaldun bu munosabatlarni kuzatib, tarixiy tajribalardan chiqargan xulosalarini realistik va tizimli tarzda taqdim etadi (Sema, 2015, 6-b.). Umron — birgalikda yashash, o‘zaro yordam va umumiy hayot tartibining ko‘rsatkichi bo‘lib, u diniy tartib va madaniy odatlarni o‘z ichiga oladi (Sema, 2015, 5-b.). Asabiyat va umron o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir esa, ayniqsa, davlatning tashkil topish bosqichlarida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Chunki bu davrda jamoa a’zolari o‘rtasida umumiy maqsadlar va o‘zaro ko‘maklashish yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
Biroq vaqt o‘tishi bilan individuallashuv tendensiyalari kuchayadi va butunlik buzila boshlaydi (Woodley of Menie v.b., 2022, 5-b.). Zamonaviy talqinlarda esa, millatchilik kabi milliy rishtalarni oldinga chiqaruvchi mafkuralarda asabiyatning qayta ishlab chiqarilayotgani kuzatiladi. Raqamli platformalardagi hamjamiyatlar ham xuddi shunday umumiy qadriyatlar atrofida birlashsa-da, yuzma-yuz muloqot o‘rnini egallagan virtual o‘zaro ta’sirlar hamjihatlikning barqarorligi nuqtayi nazaridan bahsli natijalarni keltirib chiqarishi mumkin. Shunga qaramay, Ibn Xaldun nazariyasini zamonaviy kontekstga ko‘chirish mavjud ijtimoiy parchalanish muammolarini tushunishga hissa qo‘shadi (Tahir & Nuri, 2024, 10-b.). Arnold Toynbi (Arnold Toynbee) ga ko‘ra dinning madaniy o‘zlik va boshqaruv modeliga ta’siri uzoq muddatda ijtimoiy uyg‘unlikni saqlashda muhim bo‘lishi mumkin. Ammo shaharlashgan jamiyatlarda hashamat, huzur-halovat izlash va tanazzulga yuz tutishga moyilliklar bu uyg‘unlikka putur yetkazish salohiyatiga egadir (Wazir v.b., 2022, 14-b.; Woodley of Menie v.b., 2022, 5-b.).
Dehqonchilik yoki ko‘chmanchi iqtisodiyotning oddiy turmush tarzi bilan cheklangan jamoalarda esa asabiyat yanada chidamli bo‘ladi. Biroq bu chidamlilik ham tashqi tahdidlar yo‘qolganida bo‘shashishni boshlashi mumkin. Ibn Xaldunning kuzatuvchanlik qobiliyati aynan shu yerda yaqqol namoyon bo‘ladi. Voqealar mohiyatini sezgi orqali emas, balki tajribaviy baholashlar bilan anglashi uni ijtimoiy fanlarda pozitiv yondashuvni qo‘llagan ilk mutafakkirlardan biriga aylantirgan (Sema, 2015, 35-b.). Shu sababli, uning nazariyasi hali ham dolzarb bahslarda qo‘llanilishi, ham tarixiy qiyoslashlarga imkon berishi, ham inson tabiatining guruh ichidagi birlashishga moyilligini asos qilib olgani bilan izohlanadi. Liviya misolida bo‘lgani kabi, zamonaviy siyosiy inqirozlarda urug‘ yoki qabila rishtalarining qayta kun tartibiga chiqishi ham ushbu nazariya bilan tushuntirilishi mumkin. Bu o‘rinda asabiyat faqat qon-qarindoshlikka asoslanmagan, balki guruh ichidagi kuchli ishonch munosabatlariga tayanuvchi radikal sodiqlikdir (Luchenkov, 2023, 2-b.). Biroq, bu sodiqlik ba’zan bo‘lingan siyosiy manzarani mustahkamlab, muammo yechimini qiyinlashtirishi mumkin.
(Thomas Cole. The Arcadian or Pastoral State. Oil on canvas, 1834, 39 ½ × 63 ½ in.)
2. Ibn Xaldunning tarix falsafasidagi o‘rni
2.1 Muqaddimaning inqilobiy mohiyati
Ibn Xaldunning Muqaddima nomli asari o‘z davrida shunchaki tarixiy qaydlarni jamlagan matn bo‘lishdan chiqib, ijtimoiy fanlarda usuliy (metodologik) yondashuvga asoslangan qarashning yorqin namunalaridan biriga aylandi. Asar yozilgan davrda hukmron bo‘lgan yondashuv voqealarni xronologik tartibda tizish bilan cheklangan bo‘lsa, Xaldun ularni tizimli tahlil elagidan o‘tkazib, ijtimoiy hosilalarning ortidagi sabablar va munosabatlarni aniqlashga yo‘nalgan. Bu o‘rinda diqqatga sazovor jihat shundaki, u siyosiy tartibotlar va madaniy tuzilma unsurlarini tarixdagi shunchaki natijalar sifatida emas, balki bir-biriga bog‘liq sabablar silsilasi o‘laroq ko‘rib chiqadi. Asarning yozilish jarayoniga nazar tashlasak, uning bor-yo‘g‘i besh oy kabi qisqa muddatda qog‘ozga tushirilganligi bir qarashda tezkor ish taassurotini uyg‘otishi mumkin; biroq bu tezlik yillar davomida to‘plangan kuzatuvlar va zehniy tayyorgarlikning in’ikosidir. Ibn Xaldun geografiya, iqtisod va sotsiologiya qatorida siyosatni ham qamrab oluvchi keng bilim sohasini birlashtirib, o‘sha davr uchun yangilik hisoblangan fanlararo (interdisiplinar) istiqbolni rivojlantirgan. Masalan, umron, hazora (hadharah) va asabiyat tushunchalarini shunchaki tasvirlovchi atamalar sifatida emas, balki ijtimoiy o‘zgarish dinamikasini tushuntiruvchi kategoriyalar shaklida taqdim etadi (Sahri, 2023, 10-b.).
Bu jihati bilan Muqaddima tarixga oid falsafiy matinlarga yangi nafas olib kirgan. Voqealar ortidagi ijtimoiy bog‘lar va kuch munosabatlari ustida olib borgan tahlillari tufayli tarix endi passiv axborot uzatish emas, balki jamiyatni anglashga xizmat qiluvchi faol vositaga aylangan (Shahidipak, 2022, 5-b.). Ibn Xaldunning yondashuvi zamonaviy davlat nazariyasi bilan ham hamohang xususiyatlarga ega; masalan, davlatning markazlashgan tuzilmasi jamiyat ichidagi hokimiyat muvozanatining saqlanishi bilan bog‘lanadi. Shu nuqtayi nazardan, uning “davlat”ni faqat boshqaruv mexanizmi emas, balki jamiyatning moddiy va ma’naviy butunligi tayanadigan muassasa sifatida tasvirlaganini ko‘rish mumkin (Tahir & Nuri, 2024, 2-b.). Asarning inqilobiy mohiyatini oshiruvchi yana bir omil — bu diniy unsurlarni sotsiologik izohlar ichiga kiritish usulidir.
Diniy institutlarning jamiyat ichida axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash va birlik hissini kuchaytirish funksiyasini qabul qilgan Xaldunga ko‘ra, ushbu tuzilmalarning kuchi zaiflashganda davlatning parchalanishi boshlanadi. Bu talqin dinni faqat teologik kontekstda emas, balki ijtimoiy funksiyasi orqali baholashi jihatidan davrning boshqa tarixchilaridan ajralib turadi. Diniy motivatsiyaning siyosiy inqiloblarda yoki siyosiy evrilishlarda katalizatorlik ta’siriga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlovchi ifodalari ham ushbu yangicha tavrning ko‘rsatkichidir (Tahir & Nuri, 2024, 8-b.). Muqaddima, shuningdek, asabiyat tushunchasini markazga qo‘yib, davlatlarning yuksalishi va tanazzulini davriy model ichida tadqiq qiladi. Ushbu modelda kuch egasi bo‘lgan guruhlarning boshida kuchli bog‘larga ega ekani, vaqt o‘tishi bilan esa hashamatli hayot va rohat-farog‘at ta’sirida bu bog‘larning bo‘shashishi ifoda etiladi. Zehniy jihatdan bu jarayonlarning muqarrar ekanini aytishi uning ijtimoiy o‘zgarishni muayyan qonuniyatlar doirasida ko‘rish moyilligini ham izohlaydi (Tahir & Nuri, 2024, 7-b.).
Shu tariqa, tarixiy voqealar tasodiflar emas, balki muayyan tartibotlarning mahsuli sifatida o‘z o‘rnini topadi. Ibn Xaldun asarining inqilobiy jihatlaridan biri — uning ta’lim nazariyasida aks etgan pragmatik yondashuvidir. U ta’limning shakli va mazmuni jamiyatning mavjud madaniy holati bilan bevosita bog‘liqligini himoya qiladi; talabalar o‘z madaniyati bilan birga boshqa guruhlarning madaniyatini ham o‘rganishi zarurligiga e’tibor qaratadi (Sahri, 2023, 5-b.). Bu fikr o‘sha davrda odatiy bo‘lgan bir xil (gomogen) ta’lim tushunchasidan yuqori turuvchi qamrovdorlikni taklif qiladi va nizolardan keyingi (post-konflikt) hududlarda ko‘p madaniyatli ta’lim siyosatlari nuqtayi nazaridan hanuz dolzarb sanalishi mumkin. Xaldunning qiyosiy kuzatuvlari nafaqat Islom madaniyatini, balki boshqa madaniyatlarni ham qamrab oladi. Turli sivilizatsiyalarning yuksalish va cho‘kish motivlarini taqqoslab, universal xulosalarga erishishga intilishi uning global miqyosdagi tarixiy qarashini o‘rtaga qo‘yadi.
Masalan, G‘arbiy Yevropaning markaziy davlat tushunchasi bilan Islom olamidagi institutsionalizatsiya jarayonlari o‘rtasida o‘xshashliklar o‘rnatadi (Shahidipak, 2022, 2-b.). Shu bois Muqaddima ham mahalliy, ham global miqyosda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan xulosalarni o‘z ichiga oladi. Din-madaniyat-siyosat uchburchagida ishlab chiqqan tahlillarida ijtimoiy birlik hissining zaiflashuvi bilan davlat hokimiyatining yemirilishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashtirishi asarning bugunga qadar e’tibor qozonishi sabablaridan biridir. Jamiyatlarning ichki butunligini saqlab qolish uchun ham moddiy, ham ma’naviy yetakchilikka ehtiyoj borligini ta’kidlashi bugungi ijtimoiy-siyosiy bahslarda ham o‘z aksini topadi (Sabarudin v.b., 2024, 8-b.; Tahir & Nuri, 2024, 7-b.). O‘z davrida xronologik tarix bayonlaridan ilgarilab ketgan Ibn Xaldunning usuli zamonaviy ijtimoiy fanlarda nazariya yaratishga qaratilgan tafakkur tuzilmasining peshqadamlaridan bo‘lgan ko‘rinadi.
Muqaddimaning ko‘plab fanlarni kesib o‘tuvchi tabiati — siyosiy tahlildan iqtisodiy kuzatuvga, madaniy xulosadan diniy tuzilma talqiniga qadar — uni klassik tarixnavislikdan ajratib turadi va falsafiy so‘roqlarning markaziga joylashtiradi. Muallifning shaxsiy tajribalarini empirik dalillar bilan uyg‘unlashtirishi asarga jonlilik bag‘ishlashi bilan birga, uning ishonchliligini ham mustahkamlaydi. Shu sababli, ko‘plab tadqiqotchilar uni sotsiologiyaning asoschi nomlaridan biri sifatida tilga olishda davom etmoqdalar (Sema, 2015, 42-b.).
2.2 Asabiyat tushunchasining etimologik kelib chiqishi va ma’nosi
Asabiyat tushunchasining ildiziga tushganimizda, atamaning arabcha “asab” o‘zagidan hosil bo‘lganini ko‘ramiz. “Asab” so‘zi bog‘lamoq, bir joyga to‘plamoq ma’nosini anglatadi; hanuz jonli shevalarda ham insonlarni bir guruh ichida bir-biriga bog‘lanishini ifodalaydi (Zaib v.b., 2022, 10-b.). Bu bog‘ nafaqat jismoniy yoki nasl-nasab munosabatiga asoslangan, balki umumiy manfaatlarning, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning va jamoaviy o‘zlikning bir in’ikosidir. Klassik qo‘llanishda “asabiyyah” guruh ichki hamjihatligi va muntazam hamkorlik salohiyatini belgilovchi ijtimoiy yelim [izoh: birlashtiruvchi vosita] kabidir. Ibn Xaldunning o‘ziga xos talqinida esa u tushunchani faqat Arab yarim orolidagi qabila tuzilmasiga bog‘lab qo‘ymasdan, turli sivilizatsiyalarda o‘rtaga chiqqan ijtimoiy birlik shakllarining umumiy mavzusi sifatida taqdim etadi (Tahir & Nuri, 2024, 9-b.). Muqaddimadagi bayonga ko‘ra, asabiyat kuchli bo‘lganda jamoalar ham ichki, ham tashqi tahdidlarga nisbatan chidamliroq bo‘ladilar. Unga ko‘ra, badaviy jamoalarda bu bog‘ tabiiy va quvvatlidir; yashash hududlarining qiyinchiliklari va iqtisodiy shartlarning cheklanganligi bunday birlik tuyg‘usini deyarli majburiy qilib qo‘yadi. Shahar jamiyatlarida esa jarayon boshqacha kechadi. Urbanizatsiya farovonlik va rang-baranglikni oshirgani kabi, shaxsiy manfaatlarni oldinga chiqarish moyilligini ham tug‘diradi; bu esa asabiyatning parchalanishiga olib kelishi mumkin (Dobrolyubov, 2021, 25-b.). Binobarin, so‘zning etimologik o‘zagida mavjud bo‘lgan “bog‘” elementi bilan Ibn Xaldunning sotsiologik tashxislari o‘rtasida bevosita aloqa o‘rnatish mumkin: so‘z ma’nosidagi bog‘lanish harakati tarixiy jarayonda parchalanishning oldini olish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy jipslashuv kuchiga to‘g‘ri keladi.
Ibn Xaldun tushunchaning qo‘llanishiga oid diniy jihatni ham e’tiborsiz qoldirmaydi. Ayniqsa, keng vakolatlarga ega xonadonlar (sulolalar) uchun faqat boshqaruv vositalarining yetarli emasligini; diniy targ‘ibotning qabilalar va etnik guruhlarni umumiy qadriyatlar ostida birlashtirish salohiyatiga ega ekanligini ta’kidlaydi (Zaib v.b., 2022, 3-b.; 2022, 12-b.). U ilgari surgan qarashga ko‘ra, yagona guruh hissiyoti mavjud bo‘lsa ham, bu energiyani keng ko‘lamli siyosiy loyihalarga aylantiradigan mafkuraviy yoki diniy doira bo‘lmasa, bog‘lar zaiflashishga mahkumdir. Bu nuqtada etimologik o‘zakdagi “bog‘lash” harakati bilan dinning mafkuraviy bog‘lovchiligi o‘rtasida ustma-ust tushuvchi ma’no qatlami yuzaga chiqadi. Zamonaviy lug‘atlarda asabiyat tushunchasi ko‘pincha sotsiomadaniy bog‘ sifatida ta’riflangan (Zaib v.b., 2022, 10-b.). Biroq Ibn Xaldun tushunchaga yuklagan ma’noning yanada keng qamrovli ekanini ta’kidlash lozim. Uning qarashida turli guruhlar o‘rtasidagi raqobat ham bu bog‘ning tabiatida mavjud; ammo bu raqobatning vayronkor emas, balki kuchaytiruvchi shaklda boshqarilishi muhimdir. Etimologiya bizga so‘zning imkoniyatlarini ko‘rsatsa, o‘ziga xos ma’nolash esa ijtimoiy energiyaning qanday yo‘naltirilishini tushuntiradi. Tushunchaning tarixiy sarguzashtida asabiyatning faqat qon-qarindoshlikka asoslanmaganini himoya qiluvchi talqinlar diqqatni tortadi. Geografik harakatchanlikni boshdan kechirgan shaxs yoki jamoalarda baham ko‘rilgan tajribalar yangi turdagi asabiyatlarni yaratishi mumkin (Budak, 2020, 73-b.).
(Thomas Cole. The Consummation of Empire. Oil on canvas, 1836, 51 × 76 in.)
3. Asabiyatning anatomiyasi va ijtimoiy farqlanishlar
Jamiyatlarning hamjihatlik shakllarini tasniflash nafaqat ijtimoiy bog‘larning sifatini aniqlash nuqtayi nazaridan, balki bu bog‘larning qaysi tarixiy sharoitlarda barqaror qolishini tushunish jihatidan ham muhimdir. Ibn Xaldunning asabiyat nazariyasi ushbu tasnifni amalga oshirishda ham qon-qarindoshlikka, ham umumiy yashash tajribasiga asoslangan munosabatlarni inobatga oladi. Ko‘chmanchi, ya’ni badaviy jamoalarda hamjihatlik ko‘proq organik ehtiyoj sifatida shakllanadi; og‘ir tabiiy muhit sharoitlari va iqtisodiy cheklovlar shaxslarni bir-biriga qaram qiladi (Dobrolyubov, 2021, 25-b.). Bu turdagi jamiyatlarda hamkorlik va ishonch munosabatlari tabiiy hol deb qabul qilinadi. Shahar jamoalarida esa hamjihatlik shakli o‘zgaradi; ishlab chiqarishdagi rang-baranglik va ortib borayotgan shaxsiy farovonlik bog‘larni bo‘shashtirgani holda, yangi turdagi munosabatlarni yuzaga keltiradi.
Dyurkgeym (Durkheim) tilga olgan “mexanik” va “organik” hamjihatlik tushunchalari bu farqni anglash uchun samarali qiyoslash imkonini beradi. Mexanik hamjihatlik madaniy bir xillik (gomogenlik) hukmron bo‘lgan jamiyatlarga xosdir; ushbu bog‘lanish turida ijtimoiy uyg‘unlik farqlarning ozligi orqali ta’minlanadi (Aruqaj, 2023, 3-b.). Aksincha, organik hamjihatlik zamonaviy va murakkab mehnat taqsimoti tuzilmasiga ega jamiyatlarda yuzaga chiqadi; shaxslar turli funksiyalarga ega bo‘lsalar-da, bir-birlarining borligiga bog‘liq bo‘ladilar. Binobarin, bu ikkinchi shakl shaharlashgan jamiyatlardagi xilma-xillik ichida butunlikni ta’minlovchi to‘r kabi ishlaydi (Green va boshq., 34-b.).
Biroq har ikki hamjihatlik shakli ham turg‘un emas. Dobrolyubovning ikki bosqichli ijtimoiy modelida kuzatish mumkin bo‘lganidek, ijtimoiy tuzilmalar avval ma’muriy kengayish jarayoniga kiradi; bu yerda ham ixtiyoriy integratsiya, ham majburlovchi usullar (urush yoki hukmronlik) orqali qadriyatlar butunlashtiriladi (Dobrolyubov, 2021, 6-b.). Bu bosqichda yuzaga keladigan hamjihatlik, odatda, institutsionalashgan hokimiyat rahbarligida rivojlanadi. Ibn Xaldunning qarashiga ko‘ra, bu institutsionalashgan tartiblarda ham yetakchiliksiz umumiy maqsadlarga erishish mushkul; xuddi birga raqs tushayotgan juftlikning uyg‘un harakat qilishi uchun ulardan biri qadamni boshlab berishi kerak bo‘lgani kabi (Dobrolyubov, 2021, 25-b.). Bu o‘xshatish muvofiqlashtirish tuzilmaviy tarzda tartibga solinmagan holatlarda guruh dinamikasi qanday buzilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Jamiyat turlariga ko‘ra hamjihatlikning axloqiy asoslari ham o‘zgaruvchan bo‘ladi. Bujar Arukaj (Bujâr Aruqaj) ishora qilgan umumiy ijtimoiy uyg‘unlik yoki “ijtimoiy yelim” tushunchasi shaxslarning faqat yaqin atrofidagilar bilan emas, balki barcha jamiyat a’zolari bilan munosabat o‘rnatishini taqozo etadi (Aruqaj, 2023, 8-b.; 2023, 8-b.). Bu nuqtada Ibn Xaldunning diniy birlik borasidagi sharhlari yodga tushadi: Diniy doira bo‘lmaganda, asabiyat energiyasi yirik miqyosli loyihalarga aylanmasligi mumkin (Tahir & Nuri, 2024, 7-b.). Din ta’minlaydigan axloqiy me’yorlar bilan guruh ongi o‘rtasida kuchli bog‘lanish o‘rnatiladi; bu bog‘lanish, ayniqsa, aralash jamiyatlarda turli qatlamlarni bir xil hokimiyat ostida tartibga solishga xizmat qiladi.
Zamonaviy davrda esa millatchilik kabi mafkuraviy doiralar an’anaviy asabiyatni o‘zgartiruvchi yangi hamjihatlik turlarini ishlab chiqishi mumkin. Ayniqsa, etno-madaniy millatchilikda umumiy til va madaniyat unsurlari birlik tuyg‘usining asosiy o‘qini tashkil etadi; bu yerda individning shaxsiy erkinligi o‘rniga jamiyatga bo‘lgan sadoqati oldinga chiqariladi (Green va boshq., 39-b.). Biroq bunday ierarxik va an’anaga asoslangan hamjihatliklar shaxsiy tenglik g‘oyasini zaiflashtirishi mumkin. Isyon va ijtimoiy harakatlar ham jamoaviy bog‘larning turli shakllarini yuzaga chiqaruvchi vaziyatlar qatoridan joy oladi.
(Thomas Cole. Destruction. Oil on canvas, 1836, 1,000 mm × 1,610 mm (39.5 in × 63.5 in)
4. Davlatlarning yuksalishi va tanazzuli
Ibn Xaldunning besh avlod nazariyasi tarixiy kuzatuvlardan chiqarilgan ijtimoiy davriy model sifatida diqqatni tortadi. Ushbu modelda har bir sulolaviy hokimiyat xuddi inson hayoti kabi ma’lum bosqichlardan o‘tadi; dastlab kuchli asabiyat bilan tug‘iladi, so‘ngra kengayish va ildiz otish jarayonlari bilan kamolga yetadi, keyinchalik farovonlik keltirib chiqargan bo‘shashish boshlanadi, qizg‘in raqobat va ichki parchalanish bilan larzaga keladi va nihoyat o‘z o‘rnini boshqa bir kuchga bo‘shatib beradi (Zaib va boshq., 2022, 3-b.). Birinchi avlodda yetakchilik va ijtimoiy hamjihatlik eng yuqori darajada bo‘ladi; bu bosqichda ko‘pincha harbiy intizom bilan diniy birlik uyg‘unlashib, davlatning tashkil topish onini mumkin qiladi (Tahir & Nuri, 2024, 7-b.). Ikkinchi avlod hali ham ushbu hamjihatlik merosidan kuch oladi, ammo boshqaruvchilar endi mavjud tartibni saqlab qolishga moyil bo‘ladilar. Uchinchi avlodda esa hashamatli hayot va byurokratik harakatsizlik oldinga chiqa boshlaydi; jamiyatning o‘zagini tashkil etuvchi asabiyat zaiflashadi.
To‘rtinchi avlodda xalq va boshqaruvchi elita o‘rtasidagi masofa ortadi, diniy bog‘lovchilikning ta’siri kamayadi (Tahir & Nuri, 2024, 10-b.), axloqiy me’yorlar o‘rnini manfaatli munosabatlarga bo‘shatib beradi. Beshinchi avlod esa, odatda, boshqaruv qonuniyligining eng quyi darajadagi bosqichini ifodalaydi; hokimiyat yoki butunlay sinadi, yoki tashqi kuchlar tomonidan ag‘dariladi. Ushbu davriylikni bugungi kun kontekstida ko‘rib chiqish qiziqarli qiyoslashlarni yuzaga keltiradi. Zamonaviy milliy davlatlarda qon-qarindoshlikka asoslangan asabiyat o‘rniga millatchilik yoki mafkuraviy sodiqlik oldinga o‘tgan (Zaib va boshq., 2022, 12-b.). Masalan, sanoat inqilobidan keyingi Yevropada milliy o‘zlik bilan qo‘llab-quvvatlangan davlat tuzilmalarini oladigan bo‘lsak, birinchi avlod bosqichidagi qizg‘in “millat qurish” sa’y-harakatining o‘rnini bir necha avlod ichida byurokratik barqarorlik egallagan. Biroq zamonaviy dunyoda texnologik o‘zgarishlarning tezlashishi tufayli bu bosqichlar ba’zan ichma-ich kirishib ketib, qisqaroq vaqt ichida sodir bo‘lishi mumkin. Ibn Xaldun kuzatgan sekin kechuvchi davr aloqa tarmoqlarining globallashuvi bilan birga tezlashgandek ko‘rinadi.
Bugungi kunda raqamli hamjamiyatlar ham ushbu davriy modelning kichraytirilgan versiyalariga ega. Bir onlayn platformaning dastlabki asoschilari va erta foydalanuvchilari o‘rtasida kuchli “biz” hissi shakllanadi; bu besh avlod nazariyasidagi ilk bosqichga o‘xshaydi. Platforma kengaygani sari yangi a’zolar keladi va boshdagi samimiy tarmoq o‘rnini yanada anonim o‘zaro ta’sirlarga bo‘shatib beradi (Dobrolyubov, 2021, 5-b.; Zaib va boshq., 2022, 10-b.). Bu nuqtada kontent yaratishdagi standartlashuv va tijoriy xavotirlar asabiyatni kamaytirishi mumkin; natijada ko‘plab hamjamiyatlar yoki o‘z ichida bo‘linadi, yoki foydalanish maqsadini yo‘qotib yopiladi. Ibn Xaldunning modeli ayni paytda zamonaviy siyosatshunoslik nuqtayi nazaridan “institutsional (muassasaviy) qarish” bahslari bilan kesishadi. Dobrolyubov ta’kidlaganidek, siyosiy qarichlar kengaygani sari xilma-xillik ortadi (Dobrolyubov, 2021, 5-b.).
Nazariy jihatdan ikkinchi yoki uchinchi avloddan boshlab kuch yo‘qotilishiga sabab bo‘luvchi bu holat zamonaviy davlatlarda ham kuzatilishi mumkin. Ko‘p madaniyatli jamiyatlarda boshqaruv apparati turli guruhlarni bir xillashtirish o‘rniga, ularni siyosiy tizimga moslashtiradigan moslashuvchan mexanizmlarni ishlab chiqishga majburdir. Usmonli imperiyasi misoli besh avlod nazariyasiga moslashtirish mumkin bo‘lgan xususiyatga ega. Mehmed I davrida ta’minlangan sakkiz yillik barqarorlik oldingi notinch davrga nisbatan yaqqol o‘tish bosqichiga ishora qilsa (Muttaqin va boshq., 2021, 10-b.), Murod II davridagi yigirma uch yillik hukmronlik siyosiy muvozanatlarning ildiz otganini ko‘rsatadi. Bunday uzoq umrli boshqaruvlar ko‘pincha ikkinchi yoki uchinchi avlodlarda amalga oshadi; ya’ni tashkil topish alangasi biroz so‘ngan, ammo parchalanish bosqichiga hali kirilmagan bo‘ladi. Zamonaviy amaliyotlarda esa “avlodlar” tushunchasini biologik nasllar bilan emas, balki siyosiy generatsiyalar bilan qiyoslash yanada ma’noliroqdir.
Masalan, Sovuq urushdan keyin tashkil topgan ba’zi davlatlar o‘z ichki siyosatida hali-hamon birinchi avlodning mafkuraviy energiyasini tashiyotgan bo‘lsa-da, iqtisodiy siyosatda uchinchi avlod vakillari bo‘shashishga moyil bo‘lishlari mumkin. Bunday aralash bosqichlar Ibn Xaldunning modeliga to‘liq tushmasa ham, uning asosiy tamoyillaridan biri tasdiqlanadi: turli sohalarda asabiyat darajasi o‘zgarganda umumiy siyosiy muvozanat ham o‘zgaradi. Nazariyaning zamonaviy jamiyatlarda qo‘llanilishi, shuningdek, inqiroz davrlarida yuzaga keladigan “qayta tug‘ilish” bosqichlarini ham hisobga olishi lozim.
(Thomas Cole. Desolation. Oil on canvas, 1836, 39 ½ × 63 ½ in.)
5. Millatchilik, ijtimoiy harakatlar va raqamli hamjamiyatlar
Millatchilik hodisasini Ibn Xaldunning asabiyat nazariyasi doirasida mulohaza qilganimizda, qarshimizga klassik qabila hamjihatligidan farqli, ammo mohiyatan o‘xshash bir butunlashuv dinamikasi chiqadi. Asabiyat tarixiy jihatdan qon-qarindoshlik yoki umumiy yashash hududidan kelib chiquvchi birlik tuyg‘usi edi. Zamonaviy milliy davlatlarda esa bu tuyg‘u ko‘pincha til, tarix va madaniyat kabi ramziy umumiy jihatlar orqali qayta ishlab chiqariladi. Russo (Rousseau) va Dyurkgeym (Durkheim)ning jamoaviy ong masalasiga qaratilgan yondashuvlari ushbu zamonaviy asabiyatning intellektual asoslarini tushunishda foydalidir; har ikki mutafakkir ham baham ko‘rilgan qadriyatlar jamiyatni birga ushlab turuvchi asosiy o‘q ekanini ta’kidlaydilar (Green va boshq., 31-b.), biroq liberal ijtimoiy uyg‘unlik, nisbatan, yanada zichroq madaniy va siyosiy butunlashuvni talab qiladilar. Bu o‘rinda millatchilikning funksiyasi yuzlab yillar avvalgi qabila asabiyatining yuqori miqyosli versiyasini qurish kabidir: daxldorlik hissini faqat kichik guruh darajasida emas, balki millionlab insonlarga tegishli yirik siyosiy hamjamiyat darajasida yurituvchi bir tizim.
Millatchi mafkuralarda asabiyat liberal individuallikka nisbatan ko‘proq jamoaviy (kollektivist) xarakter kasb etadi. Parsons va Roulz (Rawls)ning tartibli jamiyat tushunchalari bu nuqtada ishga tushadi; me’yoriy kelishuvning shaxsiy qadriyatlarning to‘liq ustma-ust tushishidan ko‘ra, cheklangan sondagi “fuqarolik” markazli qadriyatlar orqali ta’minlanishini ko‘rsatadi (Aruqaj, 2023, 5-b.). Bujar Arukaj tilga olgan “ijtimoiy yelim” tushunchasi bu yerda kuchli metafora taqdim etadi: millat tushunchasi ushbu yelimga tarixiy bayonlar, afsonalar va aniq madaniy amaliyotlar bilan qo‘shimcha qatlamlar qo‘shadi. Biroq, bu yelimlash jarayoni ba’zan bir xillikka majburlashi mumkin; bu esa etnik yoki madaniy xilma-xillik yuqori bo‘lgan joylarda taranglik yaratish salohiyatiga egadir. Ijtimoiy harakatlar esa asabiyat nazariyasidagi “jamoaviy ong” unsurlarini ko‘zga ko‘rinarli qiluvchi hodisalardir. Budak tahlil qilganidek, umumiy ideallarning birlashuvi bilan hosil bo‘lgan jo‘shqin ommaviy psixologiya, zarur bo‘lganda o‘lim xavfini bo‘yniga oladigan qarshilik shakllarini tug‘diradi (Budak, 2020, 4-b.; 2020, 43-b.).
Bunday harakatlarda olomonning safarbarlik salohiyati va shakllantirgan jamoaviy harakati ham qo‘rquv, ham hayrat uyg‘otishi mumkin. Diniy omillar ham ijtimoiy harakatlarda hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Ibn Xaldun ta’kidlaganidek, din axloqiy doirani taqdim etish orqali insonlarning xulq-atvor qoliplarini shakllantiradi va umumiy o‘zlik idrokini kuchaytiradi (Tahir & Nuri, 2024, 11-b.). Zaib va boshqalarning alohida urg‘u bergan musulmon jamoalarining mustamlakachilik davrida boshdan kechirgan diniy hujumlar misoli esa diniy asosli asabiyatning siyosiy qarshilikda qanday safarbar qilinishi mumkinligini aniq o‘rtaga qo‘yadi (Zaib va boshq., 2022, 8-b.). Ijtimoiy harakatlarning muvaffaqiyati ko‘pincha ushbu axloqiy-mafkuraviy infratuzilmaning kuchiga bog‘liqdir; mafkurasi bo‘lmagan bir isyon aksariyat hollarda energiyasini qisqa vaqt ichida tugatadi. Raqamli hamjamiyatlarga keladigan bo‘lsak, teatr sahnasi o‘zgargan, ammo ssenariy hayratlanarli darajada tanish bo‘lib qolgan. Onlayn platformalarda guruhlar o‘rtasida zich daxldorlik bog‘i o‘rnatiladi; bu bog‘ jismoniy makon yo‘qligiga qaramay, baham ko‘rilgan maqsadlar va tez-tez amalga oshiriladigan o‘zaro ta’sir orqali oziqlanadi.
6 Xulosa
Ibn Xaldunning asabiyat tushunchasi orqali o‘rtaga qo‘ygan ijtimoiy bog‘ nazariyasi tarixiy va zamonaviy ijtimoiy tuzilmalarning ishlash mexanizmiga oydinlik kiritadi. Ushbu nazariya hamjihatlikning faqat an’anaviy qabilalar bilan cheklanib qolmay, zamonaviy milliy davlatlarda, ijtimoiy harakatlarda va raqamli muhitlarda ham turli shakllarda o‘z mavjudligini davom ettirayotganini ko‘rsatadi. Badaviy jamoalarda jismoniy ehtiyojlar asosida shakllangan bu bog‘, shaharlashgan jamiyatlarda individuallashuv va farovonlik ta’sirida zaiflashishi mumkin, biroq din, millatchilik yoki umumiy ideallar kabi omillar vositasida qayta jonlanishi mumkin. Besh avlod modeli siyosiy tuzilmalarning tashkil topish, kamolotga yetish va parchalanish davrlarini tushuntirib bersa-da, bugungi kundagi tezkor texnologik va ijtimoiy o‘zgarishlar ushbu jarayonlarni qisqaroq vaqt oralig‘iga siqishtirmoqda. Raqamli hamjamiyatlarda kuzatiladigan tez shakllanish va tarqalish an’anaviy asabiyatning virtual muhitdagi in’ikosi sifatida baholanishi mumkin. Ibn Xaldunning fanlararo yondashuvi ijtimoiy hodisalarni yagona sababga bog‘lab qo‘ymasdan, ularni iqtisodiy, madaniy va siyosiy omillarning o‘zaro ta’siri doirasida ko‘rib chiqadi. Ushbu nuqtayi nazar bugungi ijtimoiy muammolarni tahlil qilishda, xususan, o‘zlik, integratsiya va hokimiyat munosabatlari kontekstida o‘z kuchini saqlab kelmoqda. Uning tarixiy kuzatuvlardan chiqargan tamoyillari inson guruhlarining birga qolish va evrilish mexanizmlarini anglash uchun mustahkam asos taqdim etishda davom etmoqda.
Adabiyotlar ro‘yxati:
Aruqaj, B. (2023). An integrated approach to the conceptualisation and measurement of social cohesion. Social Indicators Research, 168, 227–263. https://doi.org/10.1007/s11205-023-03110-z
Budak, A. (2020). İbn Haldun’da isyan olgusu [The phenomenon of rebellion in Ibn Khaldun]. Kilis 7 Aralık Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi - Journal of the Faculty of Theology, 7(1), 561–599. https://doi.org/10.46353/k7auifd.710227
Dobrolyubov, S. V. (2021). The two-factor (authority-solidarity) model of society’s structural cycles in the evolutionary perspective. Social Evolution & History, 20(1), 65–93. https://doi.org/10.30884/seh/2021.01.03
Green, A., Janmaat, J. G., & Han, C. (n.d.). Regimes of social cohesion. In LLAKES Research Paper (Vol. 1).
Luchenkov, I. R. (2023). The tribal factor in the peaceful settlement of the Libyan crisis. https://doi.org/10.18254/S268684310025567-1
Muttaqin, M. I., Azra, A., Saepudin, D., Jabali, F., Lubis, A., & Fakih, Z. K. (2021). The rise and fall of Ottoman Empire and how it fits Ibnu Khaldun’s theory. https://doi.org/10.4108/eai.20-10-2020.2305158
Sabarudin, M., Al Ayyubi, I. I., Rohmatulloh, R., Suryana, I., & Wijaya, T. T. (2024). Exploring the foundations of Islamic education: Insights from Ibn Sina and Ibn Khaldun. Tribakti: Jurnal Pemikiran Keislaman, 35(1), 127–142. https://doi.org/10.33367/tribakti.v35i1.4266
Sahri. (2023). The concept of education management in the post-conflict regions of West Kalimantan: A study of Ibn Khaldun’s thought. At-Ta’dib, 18(2). https://doi.org/10.21111/attadib.v18i2.11179
Sema, Y. G. (2015). İbni Haldun’un devlet anlayışı çerçevesinde “refah devleti” ve “iktisadi kalkınma” düşüncesi. Muş Alparslan Üniversitesi Sosyal Bilimler Dergisi, 3(1).
Shahidipak, M. (2022). State science, political sociology of state by Ibn Khaldun and reversal of Webber opinion. Sociology International Journal, 6(5), 256–259.
http://medcraveonline.com
Sohrabiabad, H. (2019). Karakoyunlu, Akkoyunlu ve Osmanlı örneklemine göre XV. yüzyıl Türkmen devletlerinde nesep ve meşruiyet kurgusu. Dokuz Eylül Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü Dergisi, 21(3), 981–996. https://doi.org/10.16953/deusosbil.563545
Tahir, Z., & Nuri, A. J. (2024). Examining the impact of religion on civilization: Insights from Ibn Khaldun and Arnold Toynbee’s theories. DIROSAT: Journal of Education, Social Sciences & Humanities, 2(2), 106–123. https://doi.org/10.58355/dirosat.v2i2.69
Wazir, A., Dawar, S., Khan, H., & Khalid, A. (2022). Ibn Khaldun theory of asabiyyah and the rise and fall of the Mughals in South Asia. Journal of Al-Tamaddun, 17(2), 159–169. https://doi.org/10.22452/JAT.vol17no2.12
Woodley of Menie, M. A., Figueredo, A. J., Peñaherrera-Aguirre, M., Jurgenssen, J., & Sarraf, M. A. (2022). Moral foundations tracked over 200 years of lexicographic data, and their predictors. Anthropological Review, 85(2), 79–102. https://doi.org/10.18778/1898-6773.85.2.04
Zaib, A., Hakeem, A., & Ullah, M. S. (2022). Ibn Khaldun’s concept of asabiyyah: Application on the Muslim nationalism in Indian sub-continent before partition. Annals of Human and Social Sciences, 3(2), 695–703. https://doi.org/10.35484/ahss.2022(3-II)66






Uztoz ilmingiz ziyoda bulsin 😊