Ko‘rlik va qullik
Zanjirlar endi temir emas — ular qarz, pasport va umidsizlikdan yasalgan.
Zanjirlar endi temir emas — ular qarz, pasport va umidsizlikdan yasalgan.
Bir inson boshqa bir insonni qanday qilib qulga aylantirgan?
Oddiy. Avval uni ko‘rmaslikni o‘rganadi.
Qadimgi davrda qulchilik bor edi. Hamma bilardi. Faylasuflar bilardi. Shoirlar bilardi. Qonun chiqaruvchilar bilardi. Hech kim: “Bu to‘g‘rimi?” deb so‘ramadi. Nega? Chunki so‘rash ko‘rish demakdir. Ko‘rish bezovta bo‘lish demakdir. Bezovta bo‘lish o‘zgarish demakdir.
O‘zgarishni istamaymiz.
Agar inson o‘z tanlov va harakatlarining sababchisi bo‘lish huquqidan ayrilsa, endi u “kim” emas, “nimadir”.
Zamonaviy dunyoda qul — arzon ishchi kuchi… Pul keltiradi.
Oltin qoida bor: Oltin yaltiraganida qoida xiralashadi. Keyin qullikka sabab bo‘lganlar o‘zini oqlashni boshlaydi. Bu eng xavfli bosqich. “Ular o‘zi shunaqa.” “Tabiati shunday.” “Qaragin — yalqov, o‘g‘ri, yolg‘onchilar.” To‘xta. Ularni kim shunday qildi?..
Ta’lim bermadik. Hurmat qilmadik. Inson o‘rnida ko‘rmadik. Keyin qarasak — “insondek” harakat qilishmayapti. Va dedikki: “Ko‘rdingizmi? O‘zi qul bo‘lish uchun yaralgan ekanlar”.
Sabab va oqibatni adashtirib yubordik. O‘zimiz yaratgan oqibatni, mavjud sababdek ko‘rsatdik.
Konslagerlarda ham xuddi shu mexanizm ishlagan. Mahbuslarni och qoldirdilar, iflos saqladilar, hayvoniy sharoitda yashatdilar. Keyin qarasalar — “hayvondek” tutishyapti o‘zlarini. “Ko‘rdingizmi?” dedilar. “Bular o‘zi inson emas ekan”.
Bu ko‘rlik — qasddan qilingan ko‘rlikdir. Ko‘rishni istamaslik ko‘rligidir.
Bugun hech kim bizni zanjirband qilmayapti. Oldiga solib qullik uchun haydab ketmayapti. O‘zimiz boryapmiz. Majburmiz. Borgan sari sifatimizni oshirishga urinyapmiz. Til biladigan, o‘z muammolarini hal qila oladigan, madaniyatli... Rivojlangan quldorlar uchun bizlar eng qulay ishchi kuchimiz. Sabab? Sababini hammamiz yaxshi bilamiz.
Boshqalarning ma’qullovisiz mavjud bo‘la olmaydigan ahvoldamiz.
Bu haqiqatlarni ko‘rishni istashmayapti, istamayapmiz. Chunki ko‘rish — o‘zgarish demakdir.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan
Ay Veyvey asari


Bu juda qo‘rqinchli haqiqat… Yoshi kattaroq avlodku sal kitob o‘qigan, qiyinchilkda toblangan va doim harakatchan bo‘lgani holda „zamonaviy qullik“ ta‘siriga tushib qolyapti. Endi asosiy vaqti „short video“ bilan o‘tayotgan yosh avlodning holini tasavvur qilib ko‘ramiz…