Matritsa
“Endi haqiqat degan tushuncha qolmadi. Faqat haqiqatning nusxalari bor. Va nusxalar shu qadar ko‘payib ketdiki, asl nusxa nima ekanini unutib qo‘ydik.”
Ayni damda tush ko‘rayotgan bo‘lsang-chi?
1999-yil. Qora charm kurtkalar. Havoda muallaq qolgan o‘qlar.
Matritsa shunchaki jangari film emas edi. U falsafa darsi edi. Va ko‘pchiligimiz hatto sezmagan holda o‘sha darsni oldik.
Film boshida Neoning xonasida bir kitob ko‘rinadi. Jean Baudrillardning “Simulacra and Simulation” kitobi. Bu tasodif emas. Vachovskilar suratga olish ishlari boshlanishidan oldin aktyorlardan ushbu kitobni o‘qib chiqishni so‘rashgan.
Baudrillard nima degandi? “Endi haqiqat degan tushuncha qolmadi. Faqat haqiqatning nusxalari bor. Va nusxalar shu qadar ko‘payib ketdiki, asl nusxa nima ekanini unutib qo‘ydik.”
Aflotun buni 2400 yil oldin aytgan edi. Odamlar g‘orda zanjirband qilingan. Ortlarida olov yonmoqda. Ro‘paralarida devor. Devorda esa — soyalar. Bu insonlar tug‘ilganidan beri faqat soyalarni ko‘rishgan. Ular uchun haqiqat — mana shu. Soyalar. Bir kuni kimdir zanjirlaridan qutuladi. Ortiga o‘girilib qaraydi. Olovni ko‘radi. G‘ordan chiqadi. Quyoshni ko‘radi. Va anglab yetadi: “Men butun umrim davomida soyalarni haqiqat deb o‘ylabman.” Neoning hikoyasi shu. Aynan shu.
Morfeus so‘raydi: “Haqiqat nima? Haqiqatni qanday ta’riflaysan?”. Hozir ko‘rib turgan hamma narsang — bu ekran, bu xona…
Dekart xuddi shu savolni bergandi. “Agar yovuz bir jin meni tinimsiz aldayotgan bo‘lsa-chi? Agar ko‘rgan hamma narsam sarob bo‘lsa-chi?” Bu shubha bilan uzoq olishdi. Va bir to‘xtamga keldi: “Fikrlayapman, demak, mavjudman.” Amin bo‘la oladigan yagona narsasi, shubha qilayotgan zehnning borligi edi. Ammo u zehn qayerda? Bir tanadami? Bir qutidagami? Miyadami? Simulyatsiya ichidami? Javob yo‘q.
“Moviy dorini tanlasang — hikoya tugaydi. O‘z to‘shagingda uyg‘onasan va istagan narsangga ishonishda davom etasan. Qizil dorini tanlasang — quyon inining qanchalik chuqur ekanini ko‘rasan.”
Bu — tanlov. Haqiqatni istaysanmi yoki rohatnimi?
Filmda bir qahramon haqiqatni bilgach ortga qaytishni xohlaydi.
“Bilmaslik — saodatdir”, deydi u. “Bu bifshteksning haqiqiy emasligini bilaman. Lekin og‘zimga solganimda, Matritsa menga uning mazali ekanini aytmoqda.” Va ko‘zlarini yumib, yeyishda davom etadi.
Morfeus Neoni haqiqiy dunyoga olib chiqqanda nima deydi? “Haqiqat sahrosiga xush kelibsiz.” Sahro. Suvsizlik. Sovuq. Mashinalar dunyosi. Matritsaning ichi esa issiq. Tanish. Qulay. Qaysi birini tanlarding? Achchiq haqiqatnimi? Shirin yolg‘onnimi?
Agent Smitning bir gapi bor: “Ilk Matritsa mukammal dunyo sifatida loyihalashtirilgandi. Hech kim azob chekmaydigan, hamma baxtli bo‘lgan bir makon. Ammo falokat yuz berdi. Hech kim dasturni qabul qilmadi.” Va qo‘shimcha qiladi: “Inson zehni og‘riqni mavjudlikning bir qismi deb qabul qiladi. Mukammal dunyo sizga haqiqiydek tuyulmadi.”
Zamonamizning yetuk olimlaridan Slavoj Žižek aytadiki: “Asl muammo Matritsaning ichida bo‘lish emas. Asl muammo, Matritsadan chiqqandan keyin nima qilishni bilmaslikdir.” Neo uyg‘ondi. Yaxshi. Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Haqiqat juda yomon. Dunyo vayron bo‘lgan. Odamlar qul qilingan. Uyg‘onishning o‘zi yetmaydi. Uyg‘ongandan so‘ng nima qilishni ham bilish kerak. Ba’zan o‘ylab qolaman: Zamonaviy hayotning o‘zi bir Matritsa emasmi?
Ertalab turasan. Ishga borasan. Kechqurun uyga qaytasan. Televizor. Telefon. Uyqu. Va yana takror. Hech kim seni majburlamaydi. Ammo hamma bir xil aylanma harakat ichida. Bu charxpalakni kim dasturladi? “They Live” degan film bor. 1988-yilda tasvirga olingan. “Matritsa” filmining bobolaridan. O‘sha filmda bir kishi ko‘zoynak topib oladi. Ko‘zoynakni taqqanida reklama taxtalaridagi asl xabarlarni ko‘radi: “ITOAT ET.” “ISTE’MOL QIL.” “UXLA.” “SAVOL BERMA.”
Matritsaning eng qo‘rqinchli tarafi mashinalar emas, uyg‘onishni istamayotgan insonlardir.
Neoning ustunligi, uni tashqaridan kimdir keldi va uyg‘otdi. Agar hech kim kelmasa-chi? U holda o‘zing uyg‘onishing kerak. Lekin bilmagan tushingdan qanday uyg‘onasan? Balki kichik shubhalar bilan boshlanar. Savollar bilan. “Nimadir noto‘g‘ri” degan his bilan.
Dejavu — Matritsada buni “tizimdagi xatolik” deyishadi. Balki hayotingdagi o‘sha takrorlanuvchi qoliplar, o‘sha “nima uchun doim ayni narsani boshdan kechiryapman” degan his... bir ishoradir.
Uyg‘onish bir marta bo‘lmaydi. Har kuni qaytadan, qayta-qayta tanlov qilasan.
Moviy dori. Qizil dori. Har tong.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan
The Matrix art by UntitledArmy













Uyg‘onishning bir marta emasligi inson uchun qanday baxt… Demak unda imkonlar ko‘p, uyg‘onib-uyg‘onib o‘zini tanishga, anglashga…
Assalomu alaykum va rohmatulloh. Shu kunlarda kinoni koʻrgan edim, bu post esa unga qoʻshimcha sifatida bilim berdi. Oʻzimdan koʻproq soʻraydigan boʻlyapman