Parvona
Tanla. Yonib bor bo‘lishmi? Yonmasdan yo‘q bo‘lishmi?
Parvona olovni sevadi. Bu sevgi emas — majburiyat. Parvona o‘zini shamga uradi. Yonadi. Halok bo‘ladi.
Agar unga: “Uzoq tur, zarar ko‘rasan,” desalar, tinglamaydi. Tinglay olmaydi. O‘zini olovga otmagan parvona, parvonami?
Xo‘sh, sham-chi? Agar parvonani yoqmasa, u ham sham emasdir. Ikkisi bir-biriga mahkum. Yongan ham, yoqqan ham.
Aql — bu parvonadir. Sevgilisi — Alloh. Aql Unga yetishishni istaydi. Tirishadi, chirpanadi. Ammo qanchalik yaqinlashsa, shunchalik yonadi. Allohga yuzlanib turib ham, Unga yetishishga urinmagan — inson emas. Ammo Uni anglagan, bilgan — endi avvalgi “bilinuvchi” emas.
Yetishishga majbursan. Ammo yetisha olmaysan. Yonishga majbursan. Ammo yongach, yo‘q bo‘lasan. Yo‘q bo‘lgach nima qoladi? Na sevuvchi qoladi, na seviluvchi.
U holda, nega urinish kerak?
Chunki urinmaslik — o‘limdan battar. Parvona olovdan uzoq turishi mumkin. Yashaydi. Ammo u yashash — yashashmi? Zulmatda, sovuqda, ma’nosiz qanot qoqish.
Nur bor. Nurga bormaslik — xiyonat. Kimga? O‘ziga.
Aql cheklangan. U cheksiz. Cheklangan narsa cheksizni qamrab ololmaydi. Piyola dengizni o‘ziga sig‘dira olmaydi. Ammo piyola dengizga borishi mumkin. Dengizda eriydi. Yo‘q bo‘ladi. Ammo endi u — dengizdir.
Quyosh qishda uzoq, bahorda yaqin. Masofa o‘zgaradi. Harorat o‘zgaradi. Quyosh o‘zgarmaydi. Tangri ham shunday. U hamisha bir xil. O‘zgaradigan narsa — bizning masofamiz. Bizning pardamiz.
Parvonaning yonishi muqarrar. Visol. Yonish. Yo‘q bo‘lish.
Yo‘q bo‘lish yomonmi?
Parvonadan so‘ra. Javob bera olmaydi. Chunki u endi yo‘q. Ammo o‘sha so‘nggi on — nur bilan birlashgan on — balki uning yagona haqiqiy “bor” bo‘lgan onidir.
Biz ham parvonamiz. Hammamiz biror narsaga oshiqmiz. Bir nur sari uchyapmiz. Bilimmi, kuchmi, sevgimi, shuhratmi farqi yo‘q. Bari — sham. Bari — kuydiruvchi.
Allohning ulug‘vorlik nuri — eng buyuk sham. Eng kuydiruvchi. Uning atrofida halovat yo‘q, qaror yo‘q. Faqat aylanish bor. Yaqinlashish bor. Yonish bor.
Parvona bo‘lishni istamasliging mumkin. Ammo zotan parvonasan. Qanotlaring bor. Nur bor. Qolgani — muqarrar.
Uzoq turishing mumkin. Zulmatda qolishing mumkin. Ammo u holda na parvonasan, na inson.
Tanla.
Yonib bor bo‘lishmi? Yonmasdan yo‘q bo‘lishmi?
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan.


Assalomu alaykum! Ustoz qaysi asardan topish mumkin?