Qizil vabo
“Balki nevarangizning nevarasining nevarasi, qaytadan shaharlar qurar. Qaytadan ilm-fanni kashf etar. Qaytadan kitob yozar.”
Qizil vabo keldi. Uch kun ichida dunyo tugadi. Mashinalar, samolyotlar, telefonlar, shaharlar, universitetlar, kutubxonalar. Uch kunda sakkiz milliard inson yo‘q bo‘ldi.
Jek London sivilizatsiyaning yupqaligi, ilm-fan, san’at, qonun, axloqning mo‘rtligi haqida yozdi. Hammasi omonat. Zimiston yaqin. Tashnalik bir qadam. Odam odamxo‘r…
Siz bir professormisiz? Universitetda dars berasizmi? Ingliz adabiyotini, Shekspirni o‘rgatasizmi? Dikkensni taniysizmi? Mumtoz asarlarni anglaysizmi, Navoiy matinlaridan ilhomlanasizmi? So‘fi Olloyorni o‘qib dunyoni o‘lchaysizmi?.. Vahshiylar orasida hechkimsiz. So‘z bilmaganlar, tushunmaganlar qarshisida qurbaqaning ovozi bilan sizning ovozingiz orasida hech bir farq yo‘q.
Professor Smit hikoya qiladi: “Bir paytlar minglab so‘zlarni bilardik.” Ammo hozir nevaralari ellikta so‘z biladi. “Yaxshi”, “yomon”, “ye”, “o‘l”, “ol”. Jo‘n so‘zlar.
“Qarang, bularni katta bobolaringiz qurgan.”
“Nega bunchalik baland?”.
“Qanday qilib qurishgan?”
“Ilm-fan bor edi, matematika bor edi...”
Ammo tushuntirolmaydi. Chunki ilm-fanni anglatuvchi so‘zlar yo‘q. Matematikani ko‘rsatuvchi misollar yo‘q. Texnologiya – sehrdek tuyuladi.
Professor Smit o‘ladi. U bilan eski dunyo ham o‘ladi. Chunki uni eslaydigan so‘nggi inson – u. U bilan birga insoniyatga tegishli butun matinlar, ming yillik san’at g‘oyib bo‘ladi. Buni hech kim payqamaydi.
Jek London tarixning davriyligini aytmoqchi bo‘ladi. Insoniyat yuksaladi. Sivilizatsiya quradi. Keyin halokatga yuz tutadi. Yana vahshiylashadi. Keyin qaytadan boshlaydi. Sekin-asta yuksaladi. Yana qulaydi.
“Balki nevarangizning nevarasining nevarasi, qaytadan shaharlar qurar. Qaytadan ilm-fanni kashf etar. Qaytadan kitob yozar.” Ammo keyin nima bo‘ladi? Yangi bir vabomi keladi? Yoki boshqa bir falokat?
Ogoh bo‘l, juda omonatmiz. Xavfsizman deb o‘ylama. Uch kunda vahshiylikka qaytishing mumkin.
Professor Smit – ilmning posboni. So‘nggi posbon. U o‘lgandan keyin, Shekspirni kim biladi? Platonni kim eslaydi? Eynshteynni kim tushunadi? Hech kim. Eng katta fojia mana shunda. Ilm yo‘qoladi. Va uni hech kim qidirmaydi ham. Chunki ilmning qadrini bilish uchun, ilmga ega bo‘lish kerak.
“Bir paytlar...”
“Odamlar uchardi...”
“Dunyoning narigi chekkasi bilan gaplashardik...”
Ammo unga hech kim ishonmaydi. “Bu shunchaki ertak”, “Bobo aqldan ozibdi “, deydilar.
Keyin – sukunat. Keyin – zimiston. Va yana ming yillar o‘tib, balki… arxeologlar bir nimalarni toparlar – eski shaharlarning qoldiqlarini. Balki qiziqarlar…
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan

