Saboq
“Umid qilamanki, hatto Iso kelsa ham, yana bor hokimiyatni bir insonga topshiradigan darajada ahmoqlik qilmaymiz.”
Germaniya mag‘lub bo‘ldi. Shaharlar vayronaga aylandi. Odamlar och, titroq, umidsiz. Har burchakdan o‘lim anqiydi.
Konrad Adenauer xarobalar ichida. Ortida millionlab murdalar. Qarshisida mavhum kelajak.
“Umid qilamanki, hatto Iso kelsa ham, yana bor hokimiyatni bir insonga topshiradigan darajada ahmoqlik qilmaymiz.”
Germaniya bu holga qanday tushdi? Bir odam sababli. Bir ovoz sababli. Va’dalar sababli. “Men tuzataman. Men qutqaraman.” Va millionlar ishondi. Taslim bo‘ldi. Fikrlashni to‘xtatdi.
Fikrlashni to‘xtatish – o‘limning boshlanishidir.
Kuchli yetakchi xayoli – eng qadimiy tuzoq. Eng shirin zahar. Inson charchaganda, qo‘rqqanda, ojiz qolganda xaloskor qidiradi. Yelkalaridagi yukni boshqasiga yuklashni istaydi. “Sen o‘yla, sen qaror ber, sen boshqar. Men faqat itoat qilay”.
Itoat – rohat. Fikrlash – mashaqqat. Aynan shuning uchun diktatorlarning keti uzilmaydi.
Adenauer “Hatto Iso kelsa ham” deydi. Nega? Chunki xavf ezgu niyatdan ham kelishi mumkin. Xaloskor chindan ham yaxshi bo‘lishi mumkin. Chindan ham aqlli bo‘lishi mumkin. Chindan ham xalqni sevishi mumkin. Ammo yakka o‘zi qaror beradigan har qanday inson – ertami-kechmi – adashadi. Adashganida esa uni to‘xtatib qoladigan hech kim qolmaydi.
Hokimiyat buzadi. Mutlaq hokimiyat esa mutlaq buzadi. Bu siyqasi chiqqan gap emas. Bu fizika qonuni.
Gitler boshida so‘zamol notiq edi. Yo‘llar qurdirdi. Zavodlar ochdi. Ishsizlikni tugatdi. Hamma olqishladi. Keyin-chi? Keyin nima bo‘lganini bilamiz. Oltmish million o‘lik.
Ammo saboq chiqarildimi?
Stalin. Mao. Pol Pot. Ularning har biri “xalq uchun” kelgandi. Har biri “dushmanlarni tozalashi” kerak edi. Har biri millionlarni qabrga tiqdi.
Bugun-chi? Bugun ham o‘sha ovozlar yangramoqda. “Kuchli lider kerak...”
Nima uchun? Hal qilish uchun. Ko‘mish uchun.
Eng mukammal inson kelsa ham. Eng adolatli, eng shafqatli, eng donishmand bo‘lsa ham. Baribir barcha vakolatni unga berma. Chunki gap shaxsda emas, tizimda. Gap niyatda emas, tuzilmada.
Vayronalar orasida olingan saboqlar eng qimmat saboqlardir. Bu saboqlarning badali qon, olov va ko‘z yosh bilan to‘lanadi. Va eng achinarlisi: unutiladi. Har bir avlod ayni xatoni takrorlashni istaydi.
“Bu safar boshqacha. Bu lider boshqacha. Bu harakat boshqacha”.
Boshqacha emas. Hech qachon boshqacha bo‘lmaydi.
Umid qilamanki....
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan

