Sevmoq
Pora bilan hal bo‘lmaydigan masalalarga qarasangiz vatan sevgisining darajasini ko‘rasiz.
Vatanparvarlik. Bu so‘z kimningdir og‘zida quruq gapga aylandi. Kimning qo‘lida kaltak bo‘ldi.
Vatan nima o‘zi? Tuproqmi? Bayroqmi? Madhiyami?
Agar layoqatsizlik hukm surayotgan bo‘lsa — vatan sevgisidan so‘z ochib bo‘lmaydi. Agar sifatsiz beton quyilayotgan bo‘lsa — vatan sevgisi haqida gapirib bo‘lmaydi.
Pora bilan hal bo‘lmaydigan masalalarga qarasangiz vatan sevgisining darajasini ko‘rasiz.
Tabiatga pora berib bo‘lmaydi. Ifloslangan havo, yiqilayotgan bino, kesilayotgan daraxt pora olmaydi.
“Vatan!” deya hayqiryapmiz.
Asl vatanparvar — laboratoriyada ishlayotgan olimdir. Yong‘inga qarshi kurash texnologiyasini yaratayotgan muhandisdir. Sel xaritasini tuzayotgan geografdir.
Ular ovozsizlar. Ko‘rinmaslar. Ammo vatanni ular sevadilar. Haqiqatan sevadilar.
Vatanni sevmoq — insonni sevmoqdir. O‘rmonni sevmoqdir. Tog‘larni sevmoqdir. Tuproqni sevmoqdir. Va sevganini asramoqdir.
Asramoq — bu harakatdir. Shior emas. Harakat.
Vazifa. Aniq vazifa. Ilmiy vazifa. Har kuni bajariladigan vazifa.
Baqirishni bas qil. Bajarishni boshla.
Haqiqiy vatanparvarlik shovqinlardan holidir. Sabrlidir. Aniqdir.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan

