Ikkita jarlik bor. Biri qaysarlik. Boshqasi shubha. Ikkisi ham o‘ldiradi.
Jon Patrik Shenlining “Shubha” filmida buni his qilamiz. Rohiba Aloizius hamma narsadan amin. Dalili yo‘q. Ammo u “biladi”. Bu bilish uni yolg‘onga yetaklaydi. Manipulyatsiyaga yetaklaydi. Adolatsizlikka yetaklaydi.
Qat’iylik qurolga aylangan.
Narigi tarafda rohib Brendan. U ham amin. O‘zining marhamatidan amin. Yaxshiligidan amin. Shu qadar aminki, qoidalarni, chegaralarni buzadi. “Niyatim xolis” deydi. Xolis niyat hamma narsani oqlaydimi?
Lotin tilida bir gap bor: Summa lex, summa injuria. Qonunning oliy nuqtasi — adolatsizlikning ham oliy nuqtasidir. Qoidani oxirigacha qo‘llasang zolim bo‘lasan. Qoidani butunlay qo’llamasang xaos boshlanadi. Xo‘sh, nima qilamiz? O‘rtada turamizmi? Iliq bo‘lamizmi?
Yo‘q. Iliqlik javob emas. Iliqlik — bu qaror qabul qilolmaslikning boshqa nomi.
Filmda bir qahramon bor. Rohiba Jeyms. Hech kim u haqda gapirmaydi. Chunki u sokin. Dabdabasiz. Ammo yagona sobit tura olgan u. Qarshi chiqadi, ammo ehtiromni unutmaydi. Shubhalanadi, ammo hukm chiqarmaydi. Achinadi, ammo aqlini yo’qotmaydi.
Bu qanday mumkin?
Balki shundaydir: Qat’iylikni tashqaridan qidirmaslik kerak. U ichkarida bo‘lishi lozim. O‘z qadriyatlaringda sobit bo‘l. Ammo tashqaridagi voqealarga kelganda shoshma, to‘xta. Kut. Ko‘r.
Faktlarning o’zigagina tegishli haqiqati bor. Me’yorlarning esa haqiqati umumiydir. Ikkisini birlashtirish eng qiyin masala. Mana shu donolikdir.
Rohiba Aloizius Rohib Brendan farqli o’laroq umumiy qoidani oldi. Ikkisi ham o’z tarafini tanladi, go’yo masalaga bir ko‘z bilan qaradi. Bir ko‘z bilan chuqurlikni anglay olmaysan.
Filmda Devidning onasi bor. U ham haqiqatni ko‘ra olmaydi. Ammo uning sababi boshqa. Qo‘rqadi. Eridan qo‘rqadi. Ishini yo‘qotishdan qo‘rqadi. O‘g‘lining kelajagidan qo‘rqadi. Qo‘rquv ko‘zni yumib yashashga, ko‘r bo‘lib yashashga majbur qiladi. Xuddi haddan tashqari ehtiros, sevgi, nafrat ham aqlni ko‘r qilganidek.
“Haddan tashqari” so‘ziga e’tibor ber. Muammo ehtirosning o‘zida emas. Uning me’yordan oshishida. Bir muvozanat nuqtasi bor. O‘sha nuqtada ham sevasan, ham ko‘rasan. Ham bog‘langansan, ham erkinsan. Ham aminsan, ham ochiqsan.
U yerga qanday boriladi?
Bilmayman. Ammo shuni bilaman: O‘sha nuqtaga yetgan inson — hukm qilishdan avval kutadi. Hukm chiqarishdan avval so‘raydi. Va eng muhimi tan oladi. Yanglishishi mumkinligini tan olish zaiflik emas. Kuchdir. Eng buyuk kuch. Chunki faqat yanglishishi mumkinligini bilgan insongina haqiqatni izlashda davom etadi.
Izlashda davom et.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan

