Skafandr va kapalak
Bobi kitobini tugatgandan ikki kun o‘tib vafot etdi. Ikki kun. Go‘yo tana kutib turgandek. Go‘yo ruh “Tamom, endi ketishim mumkin” degandek. Aytadiganini aytdi. Yozadiganini yozdi.
Jan-Dominik Bobi bir tong uyg‘ondi. Tanasi, qo‘llar, oyoqlar, til, lablar isyon qilgandi. Faqat chap ko‘z qovog‘i itoat etardi.
Ko‘pchilik bu holatda tugaydi, “tamom” deydi. Haq bo‘lardi ham. Kim nima deya olardi? “Hamma narsangni yo‘qotding, ammo davom et”mi?
Ammo Bobi taslim bo‘lmadi. Kitob yozishga qaror qildi. Muharrir alifboni o‘qiydi. A, B, C, D... Bobi kerakli harfga kelganda ko‘zini pirpiratadi. Bir harf. So‘ngra yana. A, B, C... Yana bir harf. Olti soatlik mehnat — yarim sahifa.
Telbalik! Balki. Ammo o‘sha “telbalik” bir kitobni dunyoga keltirdi. Le Scaphandre et le Papillon. “Skafandr va kapalak”. Skafandr — tanasi. Og‘ir. Harakatsiz. Dengiz tubiga mixlab qo‘yadigan. Kapalak — zehni. Yengil. Hur. Devorlarsiz.
Biz shikoyat qilamiz. “Vaqtim yo‘q”. “Imkonim yo‘q”. “Sharoit to‘g‘ri kelmaydi”. Ikki qo‘lim bor. Ikki oyog‘im bor. Tilim aylanadi. Barmoqlarim tugmalarni bosa oladi. Lekin sharoit yo‘q…
Bobining bo‘lsa bittagina ko‘z qovog‘i bor edi. Bir kitob yozdi. Menda hamma narsa bor. Men nima yozdim? Bu ayblov emas. Bir savol. O‘zimdan so‘rayman. Har kuni so‘rayman. Chunki masala imkonda emas. Masala irodada.
Viktor Frankl, natsistlar konslageridan omon chiqqan psixiatr, shunday degandi: “Insonning qo‘lidan hamma narsani olishingiz mumkin. Faqat bir narsadan tashqari: Berilgan shart-sharoitlarga nisbatan o‘z munosabatini tanlash erkinligi”. Bobi buni isbotladi. Harfma-harf. Ko‘z pirpiratish bilan.
Erkinlik tashqarida emas. Tashqarida faqat shart-sharoitlar bor. Erkinlik ichkarida. U yerga hech kim tegina olmaydi. U yerga hech kim zanjir-u kishan ura olmaydi.
Bobi kitobini tugatgandan ikki kun o‘tib vafot etdi. Ikki kun. Go‘yo tana kutib turgandek. Go‘yo ruh “Tamom, endi ketishim mumkin” degandek. Aytadiganini aytdi. Yozadiganini yozdi. Ichkaridagi kapalak — nihoyat uchdi.
Ertaga hamma narsamizni yo‘qotamiz — qo‘llarni, oyoqlarni, ovozni — ortda nima qoladi?
O‘sha qolgan narsa — aslimizdir. Undan boshqa hammasi omonat.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan

