Eron va Turonga uzatilgan qonli qo'llar
Kemadagi sharoitlardan norozi bo‘lib kemani cho‘ktirmaysan. Kema seniki. Oila a’zolaring kemada. Bolalaring kemada. O‘liklaring kemada.
Asl marmar va qoplama marmar. Farqi? Marmar — bu yaxlit tosh. Ichi ham, tashi ham bir. Qoplama marmar esa — oddiy kukun. Sirti jilolangan, ichi esa qirindi. Chiroyli ko‘rinadi. Ammo birgina zarba kifoya. Sochilib ketadi.
Davlatlar ham shunday. Ayrimlari chodir. Ayrimlari dekoratsiya. Tashqaridan tuzilgan, tashqaridan boshqariladigan. Qoplama.
Eron ham Turon ham haqiqiy marmar. Tarixi bor. Ildizlari bor. Davlatchilik an’anasi bor. Yiqitish qiyin. Aynan shuning uchun ham ular nishonda.
Imperializm haqiqiy marmarni sevmaydi. Uni parchalab, bo‘laklarga, kukunlarga, qirindilarga aylantirish, kichik chodirlarga bo‘lib tashlashni istaydi.
Ichkarida janjallashishing mumkin. Hukumatni tanqid qilishing mumkin. Yerdan olib yerga urishing mumkin. Iqtisodiy inqirozning, qonunsizlikning, layoqatsizlikning hisobini so‘rashing mumkin. So‘rashing ham kerak. Ammo… Ichkaridagi janjal boshqa. Tashqaridan keladigan tahdid boshqa.
Endi bir savol: Sen nafratlangan bir liderni tashqi kuchlar kelib, Venesueladagi kabi olib ketsa, nima deysan? “Ajab bo‘ldi, qutuldik”, deysanmi? Ayta olmaysan. Aytmasliging kerak.
Bu — g‘urur masalasi. Shaxsiy g’urur va milliy g’ururimni alohida-alohida tushuna olmayman. Bu aql bovar qilishi kerak bo’lgan masala emas. Mantiqqa tushadigan masala ham emas. Bu — alogik masaladir. Mantiqdan ustundir.
Bir hikoya. Birinchi jahon urushi. Davlatning bor-yo‘g‘i xavf ostida. “Tashkiloti Maxsusa” ziyolilarni to‘pladi. Ayni stolda ikki odam: Mehmet Akif va Abdulla Javdat. Akif Abdulla Javdatni “peshonasidan otib tashlashni” istagan odam edi. Payg‘ambarga haqorat qilgandi. Kechirib bo‘lmas edi. Ammo vatan mavzusi o‘rtaga chiqqanda-chi? Bir stolda o‘tirdilar. Ayni dushmanga qarshi birlashdilar. Nafratlarini yutdilar. Bu — buyuklikdir. Bu — yetuklikdir. Bu — or-nomusdir.
Bugun? Bugun imperializm maqsadini yashirmayapti ham. “Neftni olamiz”, “Sizni bo‘lamiz”, “Bosib olamiz”, deyishmoqda. Bir-birimizga qayrashmoqda. Va biz? Biz ularning ishini osonlashtiramizmi?
Telba bo‘lsa — bizning telbamiz. O‘g‘ri bo‘lsa — bizning o‘g‘rimiz. Jinoyatchi bo‘lsa — bizning jinoyatchimiz. Hisobini biz so‘raymiz. Biz hukm qilamiz. Biz tuzatamiz. Ammo tashqaridan kelgan u qonli qo‘lning o‘lkamizni o‘z izmiga solishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz.
Kema cho‘ksa, hammamiz cho‘kamiz.
Kemadagi sharoitlardan norozi bo‘lib kemani cho‘ktirmaysan. Kema seniki. Oila a’zolaring kemada. Bolalaring kemada. O‘liklaring kemada.
Mehmet Akif va Abdulla Javdat kabi yo‘l tutamiz. Nafratimizni yutamiz. Ayni stolga o‘tiramiz. Ichki nizolarni vaqtincha bir chetga suramiz. Avval kemani qutqaramiz. Keyin uni takomillashtiramiz. Bu ketma-ketlik muhim. Bu ketma-ketlik hayotiy. Dushmanlarni suyuntirmaylik. Biz asl marmarmiz, qoplama bo‘lmaylik.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan.

