Xaloskor
Sevmoq — qutqarmoq emas. Sevmoq — yonida bo‘lmoq, chegarani bilmoq, “Men shu yerdaman, ammo sening o‘rningga yashay olmayman”, demoqdir.
Uni qutqarasan. Bunga ishonching komil. Sevging yetadi. Sabring yetadi.
Yetmaydi.
Psixologiyaning eng achchiq darsi shudir: Boshqani o‘zgartira olmaysan. Juftingni o‘zgartira olmaysan. Ota-onangni o‘zgartira olmaysan. Farzandingni o‘zgartira olmaysan. O‘zgartira oladiganing yagona shaxs — o‘zingsan. Ammo biz buni qabul qilishni istamaymiz. Chunki qabul qilish — taslim bo‘lishdek tuyuladi. Sevganingni o‘z taqdiriga tashlab qo‘yishdek. Aslida unday emasligini anglash uchun vaqtga ehtiyojimiz bor.
Sevgan biring azob chekmoqda. Nima qilasan? Yugurasan. Kuyasan. Qutqaruvchi rejimiga o‘tasan. “Men hal qilaman. Men davolayman. Men yo‘l ko‘rsataman”. Bu refleks qayerdan keladi? Bolalikdan. Yo haddan ortiq himoya qilinganman yoki e’tiborsiz qoldirilganman. Sevgiga munosib bo‘lish uchun foydali bo‘lishim kerakligini o‘rganganman… Qutqarib, sevgiga loyiq bo‘lishga urinaman.
Ammo qutqarayotganim kim? Rostdan ham umi? Yoki o‘zimning yarador bolaligimmi?
Adlerning bir gapi bor: “Kim iztirob chekayotgan bo‘lsa, o‘zgarish vazifasi unga tegishlidir”. Iztirob chekuvchi evrilishi shart. Oddiy. Ayovsiz. Haqiqat.
Chegara. Chiziq. Qutqarish uchun chiziqni bosib o‘tsang nima bo‘ladi? Boshida chiroyli boshlanadi. Yordam beryapsan. Minnatdorlik bor. Tashakkur bor. O‘zingni yaxshi his qilasan. Keyin-chi? Keyin talablar kattalashadi. Sen charchaysan. Uddalay olmaysan. Va tashakkur o‘rnini ayblov egallaydi.
Hissiy toliqish. Yordam beruvchining la’nati.
Bundan ham yomoni bor. Vasvasa boshlanadi. Uning bir odatini tuzatishga urinayotganding — bir qarabsanki, butun shaxsiyatini qayta shakllantirishga urinyapsan. Sen majburlaysan. U qarshilik qiladi. Sen battar majburlaysan. U battar qarshilik qiladi.
Kuchlar jangi. Hissiy masofa. Sevgi qayerga ketdi? Nazorat qiluvchi energiya teskari tepadi. Har doim teskari tepadi.
Xo‘sh, nima qilish kerak? Sevganing azob ichida ekanini tomosha qilishmi? Yo‘q. Ammo uning dardini ko‘tarishni bas qil. O‘zingning shifo topishingga diqqat qarat. O‘z yaralaringni bog‘la. O‘z soyalaring bilan yuzlash. Sen o‘zgarsang — dinamika o‘zgaradi. Tabiiy. Nazokatli. Haqiqiy. Chunki eng yaxshi yordam — yordamga muhtoj bo‘lmagan inson bo‘lmoqdir.
Qutqaruvchi rolidan chiqsang qarshingdagi ham qurbon rolidan chiqishi mumkin. Sen uni ko‘tarib yurishni bas qilsang, o‘zi yurishni o‘rganishi mumkin.
Balki o‘rganmas. Bu ham uning tanlovi.
Sevmoq — qutqarmoq emas. Sevmoq — yonida bo‘lmoq, chegarani bilmoq, “Men shu yerdaman, ammo sening o‘rningga yashay olmayman”, demoqdir.
Qiyinmi? Juda qiyin. Ammo muqobili undan-da qiyin. Toliqish. Sinish. Sevgini nafratga aylantirish.
Qutqaruvchi bo‘lishni bas qil. Inson bo‘l. Chegaralangan, ojiz, nuqsonli inson. Va kuzat. Ham o‘zing o‘zgarasan. Ham atrofing. Chunki o‘zgarish yuqumlidir. Ichkaridan tashqariga tarqaladi. Tashqaridan majburlab bo‘lmaydi.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan.
Kaspar David Fridrixning “Oyga tikilayotgan erkak va ayol” (Man and Woman Contemplating the Moon) asari


Juda togʻri fikr